Turizm

Navoiy viloyatining turizm salohiyati yuksaladi

O’zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning raisligida joriy yilning 29 mart kuni turizm salohiyatini rivojlantirish yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida xorijiy sayyohlar oqimini yanada ko‘paytirish, bugungi kunda turizm sohasiga berilayotgan imtiyozlardan samarali foydalanish zarurligi ta’kidlangan edi.

Mazkur topshiriq va belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida Navoiy viloyati Turizm va madaniy meros boshqarmasi hamda Samarqand Iqtisodiyot va servis instituti hamkorligida info-tur tashkil etildi. Unda Samarqand viloyatida faoliyat yuritayotgan 50 dan ziyod turistik firmalar vakillari va institut olimlari ishtirok etdi.

– Yig‘ilishda Navoiy viloyatiga biriktirilgan Samarqand Iqtisodiyot va servis instituti bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlar belgilab berilgan edi, – deydi institut ilmiy ishlar va innovatsiyalar bo‘yicha prorektori Dilbar Aslanova. – Yig‘ilishdan keyin viloyat hokimi va institutimiz rektori uchrashib, kelgusida amalga oshiriladigan chora-tadbirlarni belgilab olindi. Maxsus ishchi guruhi shakllantirildi. Xususan, Navoiy viloyatining Xatirchi, Nurota va Qiziltepa tumanlarining turistik salohiyatini oshirish bo‘yicha 2023 yilda muayyan ishlar amalga oshiriladi. Ishchi guruh hududning turizm ob’ektlari tarixini o‘rganib, ular to‘g‘risidagi kontentni boyitish maqsadida ilmiy xulosalar tayyorlaydi. 3 ta tuman va 20 ta turizm mahallasining tarixi, yodgorliklari va turistik ob’ektlari kontenti yaratiladi. Ular asosida kamida 12 tilda turistik paketlar ishlab chiqiladi. Shuningdek, turizm, iqtisodiyot, tarix, geografiya, servis, xorijiy tillar yo‘nalishlarida o‘qiyotgan talabalarning kamida ikki oylik amaliyoti ushbu tumanlarda tashkil etiladi. Turizm va xizmat ko‘rsatish infratuzilmasi xodimlarining malakasi oshiriladi, malakali gid-ekskursovodlar tayyorlash yo‘lga qo‘yiladi.

Info-tur qatnashchilari dastlab Sarmishsoy darasi hududidagi dam olish maskanlari bilan tanishdi. “Muhabbat bog‘i” MCHJ tomonidan tashkil etilgan “Grand Sarmishsoy” dam olish maskani qariyb 7 gektar maydonni egallagan. Har biri ikki va to‘rt xonali 30 ga yaqin kottejda bir vaqtning o‘zida 90 nafar sayyohga xizmat ko‘rsatish imkoniyati bor.

– Mazkur loyihani amalga oshirish maqsadida bankning 9 milliard so‘mlik kredit mablag‘idan unumli foydalanildi, – deydi dam olish maskani boshqaruvchisi Sohiba Karimova. – Ushbu maskanning qurilish ishlari 2018 yilda boshlangan edi. Maskanda 20 nafarga yaqin mahalliy aholi vakillari ish bilan ta’minlandi. Navoiy shahridan 30 kilometr uzoqlikda joylashgan dam olish maskanida sayyohlar uchun barcha sharoit va qulayliklar yaratilgan. Sayyohlar so‘lim tabiat qo‘ynida maroqli dam olishi, “Sarmishsoy” petrogliflarini tomosha qilishlari mumkin.

Albatta, Sarmishsoy darasi O‘zbekistondagi eng yirik va eng ko‘p o‘rganilayotgan hudud hisoblanadi. Bu hududda qoyatoshlarga o‘yib ishlangan 10 mingga yaqin suratlar, kompozitsiyalar mavjud.

– Petrogliflarning aksariyati bronza davriga tegishli, – deydi navoiylik tarixchi olim Ramazon Egamov. – Shuningdek, ular orasida eneolit, neolit va hatto mezolit davrining oxirlariga, Sako-Skif davriga tegishli tasviriy suratlar mavjud. Toshlarga o‘yib chizilgan rasmlarning barchasini bir qarashda ilg‘ab olish mushkul. Tongda, tushlik vaqti va quyosh botayotganidagina ko‘rinadigan tasvirlar ham bor. Ba’zi tasvirlar faqatgina yomg‘irli kunda ko‘zga tashlanishi insonni juda ajablantiradi.

Qoyatoshlarga o‘yib ishlangan rasmlar olimlar o‘tkazgan tadqiqot natijalariga ko‘ra, bundan qariyb 5-7 ming yil ilgari bu yerda hayvonlarni xonakilashtirib, o‘troq yashagan aholi tomonidan chizilganligi aniqlangan.

Karmana tumanidagi Mavlono Orif Deggaroniy ziyoratgohi ham yildan yilga obod bo‘lmoqda. 2022-2026 yillarga mo‘ljallangan Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida Navoiy viloyatida ziyorat turizmi salohiyatidan samarali foydalanish maqsadida Mavlono Orif Deggaroniy nomi bilan ataladigan mazkur me’moriy majmuani restavratsiya qilish hamda uni sayyohlik yo‘nalishiga kiritish ko‘zda tutilgan.

Karmana tumani Hazora qishlog‘ida joylashgan tarixiy majmua info-tur ishtirokchilarida katta qiziqish uyg‘otdi. Ma’lumotlarga ko‘ra, 1951 yilda yana qayta tekshiruv ishlarini olib borgan Varonina ismli tadqiqotchi Deggaron masjidi XI asrda qurilgan degan so‘nggi xulosani bergan.

Masjid Deggaron qishlog‘i hududida bo‘lgani uchun shu nom bilan atalgan. “Deggaron” so‘zi “qozon yasovchi” ma’nosini bildirib, qishloqda qozon yasovchi hunarmandlar istiqomat qilgan. 1910 yil, 1328 hijriy sanada Buxoro amiri Abdulahadxon tomonidan masjidning oldi va bir yon tomoniga ayvon qurilgan. Bu ayvonlar 1980 yillargacha mavjud bo‘lgan.

Source
Uza

TuraNews

Back to top button