AsosiySport

Turkiyada o’zbekistonlik yosh shaxmatchilar uchun musobaqa tashkil etildi

Turkiyaning Bursa shahrida turli yo‘nalishlarda tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlar ishtirokida “Sport, birdamlik va tenglik” shiori ostida musobaqa uyushtirildi.

Shaxmat, stol tennisi, kamondan o‘q otish kabi sport turlari bo‘yicha o‘tkazilgan bahslarda g‘olib chiqqanlarga pul mukofoti, barcha qatnashchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi.

– Mazkur tadbirni tashkil etishdan ko‘zlangan maqsad xorijdagi yoshlarimiz orasida birdamlik tuyg‘usini kuchaytirish, birodarlik ko‘nikmasini oshirish, – deydi “Bursadagi O‘zbekiston yoshlari” jamoasi yetakchisi Fazliddin Hamdamov. – Ushbu qadim shaharda faoliyat ko‘rsatayotgan tashabbuskor guruhimiz xorijda o‘qish niyatini ko‘ngliga tuggan vatandoshlarimizga hujjat bilan bog‘liq va boshqa turli masalalarda yordam berib kelyapti.

Jamoa sardori aytishicha, Turkiyadagi o’zbekistonlik yoshlar orasida birdamlik ruhini kuchaytirish maqsadida muntazam ravishda madaniyat va sport tadbirlari o‘tkaziladi, sayohatlar tashkil etiladi.

 

Bu galgi do‘stona yig‘in doira va rubob chalish ko‘rinishidagi musiqiy chiqish bilan davom etdi. Bursaning “Yosharayotgan xalq qo‘shiqlari” jamoasi ham tomoshabinlar ko‘nglini xushnud qildi. Anjuman mehmoni – O‘zbekiston – Turkiya parlamentlararo do‘stlik guruhi rahbari, Turkiya parlamentidagi Bursa deputati Osman Mesten tadbir so‘ngida ikki davlat o‘rtasidagi qardoshlik aloqasining joriy holatiga to‘xtalib, Bursadagi O‘zbekiston yoshlariga o‘zbek tilida samimiy tilaklarini bayon etdi.

 

Darvoqe, “Sport, birdamlik va tenglik” musobaqasi o‘tgan yil ham o‘tkazilgan.

Source
Uza.uz

TuraNews

Back to top button