AsosiyHayotIqtisodiyotSiyosat

Turkiy davlatlarning ikki tashkiloti iqlim o‘zgarishi oqibatlariga qarshi kurashda hamkorlik qiladi

28-iyul kuni Turkiyaning Istanbul shahrida Turkiy davlatlar jo‘g‘rofiya kengashi bosh kotibi Oybek Norinboyev Turkiy davlatlar tashkiloti bosh kotibi Kubanichbek Omuraliyev bilan uchrashdi, deya xabar qildi Turkiy davlatlar jo‘g‘rofiya kengashi axborot xizmati “Gazeta.uz”ga.

Uchrashuvda turkiya davlatlar a’zo bo‘lgan har ikki tuzilma o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikning bugungi holati va istiqbollari muhokama qilindi. Tomonlar ilm-fan va madaniy-gumanitar sohalarda Turkiy davlatlar tashkilotiga a’zo davlatlar o‘rtasidagi munosabatlar ijobiy sur’atlarda rivojlanayotganini mamnuniyat bilan qayd etdilar.

Suhbat davomida insoniyat iqlim o‘zgarishi, ekologik muammolar, turli pandemiyalar, energiya resurslari taqchilligi kabi global muammmolar bilan bog‘liq murakkab sinovlarni boshidan kechirayotgani, Turkiy davlatlar jo‘g‘rofiya kengashi turkiy tilli ilmiy-tadqiqot institutlari va jamoat birlashmalari o‘rtasida har tomonlama hamkorlikni yanada takomillashtirish, geografiya, o‘lkashunoslik va boshqa turdosh fanlardagi yutuqlarni o‘rtoqlashish orqali kelajakda kutilayotgan ana shu muammolarga birgalikda yechim topish zarurligi ta’kidlandi.

“Turkiy davlatlar umumiy taraqqiyotga intilar ekan, buning uchun eng avvalo o‘z bilim va tajribalarimiz bilan bo‘lishish, tajribalar almashinuvini yo‘lga qo‘yishga ehtiyoj bor. Buning uchun esa boshqa sohalar kabi mamlakatlarimizning eng muhim ilmiy yo‘nalishi geografiya sohasida o‘zaro birdamlik barchamiz uchun buyuk zaruratga aylanmoqda. Kengash o‘z oldiga ana shu bo‘shliqni to‘ldirishni maqsad qilib qo‘ygan”, — dedi Oybek Norinboyev.

Turkiy davlatlar jo‘g‘rofiya tashkiloti bosh kotibi ushbu maqsadlarga erishishga qaratilgan strategiya va chora-tadbirlar rejasi bilan Kubanichbek Omuraliyevni tanishtirar ekan, bu maqsadlarning amalga oshishida Turkiy davlatlar tashkilotining qo‘llovi har qachongidan muhim ahamiyatga ega ekanini qayd etib o‘tdi.

Shuningdek, tomonlar mamlakatimizda o‘tkazilgan qator muhim tadbirlar, masalan, Axborot-kommunikatsiya texnologiyalari sohasiga mas’ul vazirlarning 4-yig‘ilishi (2022-yil 25−26-oktabr, Samarqand) va Tashkilot transport vazirlarining yig‘ilishi (2022-yil 27−28-oktabr, Toshkent), Turkiy davlatlar tashkiloti davlat rahbarlarining “Turkiy sivilizatsiyaning yangi davri: umumiy taraqqiyot va farovonlik sari” mavzusidagi yig‘ilishi (2022-yil 11-noyabr) yakunlari, yig‘ilishlar doirasida imzolangan hujjatlar va taraflar zimmasiga olgan vazifalarning ijrosi hamda Turkiy davlatlar jo‘g‘rofiya kengashining tashkil etilishi, kengash oldidagi maqsad hamda vazifalar yuzasidan fikr almashildi.

Uchrashuv davomida ikki tashkilot hamkorligi doirasidagi boshqa masalalar ham muhokama qilindi.

Ma’lumot uchun, Ozarbayjon, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkiya, O‘zbekiston va Vengriya geografik jamiyatlaridan iborat Turkiy davlatlar jo‘g‘rofiya kengashi 2023-yil 8-may kuni Toshkentda tashkil etilgan.

Kengash turkiy geografiyaning boy tabiiy va madaniy merosini targ‘ib qilish orqali xalqlar o‘rtasidagi aloqalarni chuqurlashtirish, ilm-fan, ta’lim va innovatsiyalar sohalarida bilim va tajriba almashish, turizm sohasidagi hamkorlikni rivojlantirish uchun muhim platforma bo‘lib xizmat qilishni maqsad qilgan.

TuraNews

Back to top button