O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni oila a’zolari bilan birga Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 59-referendum uchastkasiga tashrif buyurib, referendumda ovoz berdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30-aprel kuni oila a’zolari bilan birga Toshkent shahri Mirzo Ulug‘bek tumanidagi 59-referendum uchastkasiga tashrif buyurib, referendumda ovoz berdi.
Referendumda “O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida”gi konstitutsiyaviy qonun loyihasi ovozga qo‘yilgan. Ma’lumki, bu jarayonga bir yarim yil mobaynida puxta tayyorgarlik ko‘rildi. Konstitutsiyaviy qonun loyihasi ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinib, xalqning fikri o‘rganildi. Jamoatchilik tomonidan 220 mingdan ziyod takliflar kelib tushdi. Ularning har to‘rttasidan bittasi loyihadan joy oldi.
Ushbu takliflar asosida yangilanayotgan Konstitutsiya moddalari soni amaldagi 128 tadan 155 taga, normalari 275 tadan 434 taga oshdi. Ya’ni, Asosiy qonunimizning 65 foiz matni xalqimiz takliflari asosida yangilandi. Bunda xalqaro tajriba ham inobatga olindi, turli sohalardan yetuk mutaxassislar va ekspertlar jalb etildi.
Konstitutsiya davlatimiz barqarorligi va kelajagi, inson manfaatlarining huquqiy asosidir. Fuqarolar buni chuqur his etib, referendumda faol ishtirok etmoqda.
Bu siyosiy jarayonni 45 ta davlat va 14 nufuzli xalqaro tashkilotdan jami 383 nafar xalqaro kuzatuvchi bevosita kuzatib bormoqda. Mahalliy va xorijiy ommaviy axborot vositalari keng, ochiq-oshkora yoritmoqda.