Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi, senator Baxtiyor Sayfullayev 72 yoshida vafot etdi, deya xabar bermoqda «Yuksalish» harakati.
Baxtiyor Sayfullayev 1951 yil 1 aprel kuni Toshkent shahrida tug‘ilgan. 2005 yildan Madaniyat va sport ishlari vazirining birinchi o‘rinbosari bo‘lgan, 2012 yildan O‘zbekiston davlat san’at va madaniyat instituti rektori lavozimida ishlay boshlagan, 2017 yil avgustida esa Madaniyat vazirligiga rahbar etib tayinlangandi.
2020 yilning 18 yanvarida O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev farmoni bilan senator etib tayinlangan, 20 yanvar kuni yangi tarkibdagi Senatning ilk yalpi majlisida Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi etib saylangandi.
U professor ilmiy darajasi, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan madaniyat xodimi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi san’at arbobi unvonlari bilan mukofotlangan.