Asosiy

Referendum: Soat 17:00 holatiga ovoz berganlar ulushi 81,39 foizga yetdi

Konstitutsiyaning yangi tahriri bo‘yicha referendumda soat 17:00 holatiga 15 802 095 kishi yoki ovoz beruvchi sifatida ro‘yxatga olingan o‘zbekistonliklarning 81,39 foizi ovoz berib bo‘ldi, deya ma’lum qildi MSK raisi o‘rinbosari Bahrom Qo‘chqorov soat 18:00 da bo‘lib o‘tgan brifingda.

Bahrom Qo‘chqorovning qo‘shimcha qilishicha, Vladivostok, Tokio, Seul, Kvangju shaharlaridagi referendum uchastkalaridan tashqari Xitoyning Pekin, Shanxay, Guangchjou shaharlari, Malayziya poytaxti Kuala-Lumpur shahri va Singapurdagi referendum uchastkalarida ham ovoz berish jarayonlari yakuniga yetgan.

“Toshkent vaqti bilan 17:00 da AQShning Vashington va Nyu-York shaharlaridagi referendum uchastkalarida ovoz berish jarayonlari boshlangan”, — deya ma’lum qildi MSK vakili. Boshqa xorijiy mamlakatlardagi referendum uchastkalarida ovoz berish jarayonlari davom etmoqda. Ma’lumot uchun, referendum aynan AQShdagi uchastkalar yopilgich to‘liq yakunlanadi.

Bahrom Qo‘chqorov ovoz berish jarayonidagi qonun buzilishi holatlari yuzasidan izoh berarkan, “referendum natijalariga ta’sir qilmaydigan ayrim kamchiliklar aniqlangani”ni tasdiqladi. Jumladan, ayrim uchastkalarda ovoz beruvchilarning ro‘yxatlari o‘z vaqtida barcha tanishib chiqishi uchun stendga joylashtirilmagan, ko‘zi ojiz ovoz beruvchilar uchun Brayl trafaretlari tayyorlanmagan, yashirin ovoz berish kabinasiga oila a’zolari birga kirib ovoz berishga urinish holatlari qayd etilgan.

“Internet va ayrim ijtimoiy tarmoqlarda referendum jarayonlariga oid kamchiliklar to‘g‘risida tarqalgan xabarlar orasida, afsuski, asoslanmagan axborotlar ham yo‘q emas”, — dedi u.

MSK raisi o‘rinbosarining qayd etishicha, komissiya uchastka komissiyalari bilan birgalikda har bir holatni o‘rganib chiqmoqda. 14-Toshkent referendum okrugi 129-referendum uchastkasida bir ayolning ikki marta ovoz bergani haqidagi xabar komissiya a’zolari tomonidan, xususan, kameralardagi yozuvlar ko‘tarib o‘rganilganida, haqiqatga mos kelmasligi ma’lum bo‘lgan.

“Shu sababli barchani, ayniqsa, OAVni referendum jarayonlarini xolis yoritishga chaqirib qolamiz”, — deya qo‘shimcha qildi Bahrom Qo‘chqorov.

Source
Gazeta.uz

TuraNews

Back to top button