Qozog‘iston O‘zbekistonga 10 mlrd kub metrgacha Rossiya gazini yetkazib berishni muhokama qilmoqda
Qozog‘iston hukumati O‘zbekistonga Rossiyadan 1,5 mlrd dan 10 mlrd kub metrgacha gaz tranzit qilish masalasini muhokama qilmoqda. Bu haqda Qozog‘iston energetika vaziri Almasadam Satkaliyev so‘zlariga tayanib, “TASS” xabar berdi.
Almasadam Satkaliyev jurnalistlarning Rossiya gazining Qozog‘iston hududi orqali O‘zbekistonga tranziti bo‘yicha savoliga quyidagicha javob bergan.
“Hozir biz indikativ tarzda 1,5 mlrd dan 10 mlrd kub metrgacha tranzit hajmini muhokama qilyapmiz. O‘zbekiston energetika tizimining va rossiyalik hamkorlarimizning gazni kerakli hajmda eksport qilishga tayyorligiga qarab [ta’minot hajmini] yanada oshirish mumkin bo‘ladi”, — deydi vazir.
Uning fikricha, Rossiyadan O‘zbekistonga gaz tranziti Qozog‘iston uchun iqtisodiy jihatdan foydali bo‘ladi.
“Qozog‘iston uchun bu — tranzitdan qo‘shimcha daromad olish bilan bog‘liq masala. Biz gaz quvurlari tizimini modernizatsiya qilish imkoniyatiga ega bo‘lamiz. Bilasizki, ichki bozorga gaz yetkazib berish QazaqGaz uchun zararga ishlanadigan faoliyat hisoblanadi, shuning uchun, umuman olganda, tranzitdan olinadigan qo‘shimcha daromad QazaqGaz`ga yuklamani kamaytiradi va ta’mirlash, investitsiya dasturlarini amalga oshirish uchun nisbatan barqaror daromadni ta’minlaydi”, — deb tushuntirdi vazir.
Ma’lumot o‘rnida, 2022-yilning noyabr oyi oxirida Vladimir Putin Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekistonning “uch tomonlama gaz ittifoqi”ni tuzishni taklif qilgani ma’lum bo‘lgandi.