AsosiyHayot

Qoraqalpog‘istonda maktab o‘quvchilariga berilgan yegulik ichidan qum chiqdi

Qoraqalpog‘iston Respublikasining Xo‘jayli tumanidagi 41-maktabda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga berilgan shirinlik ichidan qum chiqdi. Bu haqda maktab o‘qituvchisi Bagdagul Bekbosinova 8-aprel kuni ijtimoiy tarmoqlar orqali ma’lum qildi.

Uning aytishicha, prezident tashabbusi bilan Xorazm viloyati va Qoraqalpog‘istonda boshlang‘ich sinf o‘quvchilariga berilayotgan bepul yeguliklarning sifati juda qoniqarsiz.

Ta’kidlanishicha, holat bo‘yicha Xo‘jayli tumani xalq ta’limi bo‘limi tomonidan o‘rganish ishlari olib borilgan. Tuman XTBga qarashli mazkur 41-maktabda jami 961 nafar o‘quvchi o‘qiydi, shundan 388 nafari — boshlang‘ich sinf o‘quvchilari. Ularga oziq-ovqat mahsulotlarini 2022-yil 10-oktabrdan beri Bekbergen Servis Orayi MCHJ yetkazib bermoqda.

O‘rganishlar davomida aniqlanishicha, ushbu korxona tomonidan 7-aprel kuni 41-maktabdagi 388 nafar boshlang‘ich sinf o‘quvchisi uchun tasdiqlangan taomnoma (menyu) asosida yong‘oqli keks, “Stel” shokoladi, olma, shirin choy yetkazib berilgan. Keltirilgan yeguliklar soat 09:45 da maxsus komissiya a’zolari tomonidan qabul qilib olingan.

Qayd etilishicha, shu kuni 2-“B” sinf o‘quvchilariga berilgan “Stel” shokoladidan qum chiqqan va sinf rahbari B.Bekbosinova holat bo‘yicha maktab rahbariyatiga videoxabar orqali murojaat qilgan. Maktab rahbariyati bu haqda yetkazib beruvchi keytering korxonasiga ma’lumot bergan.

 

Source
Gazeta.uz

TuraNews

Back to top button