O‘zbekistonning beshta aeroportida Tax Free tizimi joriy etildi
2 yanvar kuni Toshkent, Samarqand, Buxoro, Farg‘ona va Urganch aeroportlarida Davlat soliq qo‘mitasi tomonidan tashkil etilgan va test rejimida ish boshlagan Tax Free xizmati shoxobchalarining tantanali ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi, deya xabar bermoqda Uzbekistan airports matbuot xizmati.
Tax Free tizimi xorijiy fuqarolarga O‘zbekistonda chakana savdo bilan shug‘ullanuvchi tadbirkorlardan ayrim turdagi tovarlarni xarid qilishda to‘langan QQS summalarini qaytarishni nazarda tutadi. «Keshbek» to‘lanadigan tovarlar ro‘yxati Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 8-noyabrdagi Qarorida belgilangan. Bu suvenirlar, yong’oqlar, mevalar va quritilgan mevalar, charm va mo’ynali mahsulotlar, gilamlar, tekstil mahsulotlari va boshqalar.
QQS to‘lovini qaytarish uchun “Soliq” mobil ilovasida ro‘yxatdan o‘tish va u orqali xaridlar uchun olingan cheklarni skanerlash lozim. Aeroportdan jo’nab ketayotganda, yo’lovchi reysga ro’yxatdan o’tishi, so’ngra Tax Free xizmatiga borib bortga chiqish taloni va tovarning o’zini ko’rsatishi kerak. Ro’yxatdan o’tgan tovarlarni qo’l yukida tashish uchun qoldirish yoki ro’yxatdan o’tish joyiga qaytib, bagaj sifatida ro’yxatdan o’tkazish mumkin.
Tax Free xizmatidan foydalanish uchun sotib olingan tovarlarning umumiy summasi 1 million so‘mdan yuqori bo‘lishi lozim. Bundan tashqari, mahsulot ochilmagan va ishlatilmagan bo’lishi kerak. Soliq qo’mitasi xodimlari tovarlarning barcha mezonlarga muvofiqligini tekshirgandan so’ng, «keshbek»ni rasmiylashtiradilar. Turli toifadagi tovarlar uchun yo’lovchi QQS summasining 90 foizigacha «keshbek» qaytarishi mumkin. Keshbek yo’lovchining kartasiga rasmiylashtiriladi va ro’yxatdan o’tgan oydan keyingi oyning 25-kunidan keyin to’lab beriladi.