Madaniyat

O‘zbekistonliklar boykot qilgan «Jara» festivali qoldirildi

Iticket.uz sayti konsertga chiptalar sotuvini to‘xtatgan. Festivalning rasmiy Instagram sahifasi o‘chirib yuborilgan.

20-21 may kunlari Toshkentning «Yangi O‘zbekiston» bog‘ida o‘tkazilishi rejalashtirilgan «Jara» musiqiy festivali qoldirildi.

Iticket.uz bergan rus tilidagi bayonotda festival qoldirilishi «dunyodagi hozirgi vaziyat» bilan bog‘liqligi aytilgan, lekin aynan qaysi vaziyatligi aniqlashtirilmagan.

«Toshkentda 20-21 may kuni rejalangan «Jara» festivali ko‘chiriladi. Afsuski, ayni vaqtda dunyodagi vaziyatni hisobga olib, katta musiqiy tadbirlarni o‘tkazib bo‘lmaydi.

Biz artistlarimizni sevadigan va ularni kutayotgan ushbu loyihaning barcha muxlislariga minnatdorchilik bildiramiz.

«Jara» festivali – bu serquyosh, musiqa va do‘stlik bayrami, bu loyiha mamlakatlar va avlodlarni birlashtiradi, bu yorqin taassurotlar va hayot ramzi. Qanday vaziyat bo‘lmasin, @zharafest doim shunday qoladi», deyilgan bayonotda.

Shu vaqtga qadar sotib olingan chiptalar @iticketuzb telegram-akkaunti orqali qaytarilishi qo‘shimcha qilingan.

3 aprel kuni iticket.uz’da konsertga chiptalar sotuvi to‘xtatildi. «Jara» festivalining instagramdagi sahifasi o‘chirildi.

Source
Kun.uz

TuraNews

Back to top button