O‘zbekistondan Qozog‘istonga jo‘natilgan pomidorlarda xavfli virus aniqlangani rad etildi
Telegram’dagi bir necha kanallarda, O‘zbekiston pomidorlarida xavfli virus aniqlangani haqida xabar tarqaldi. Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati mazkur xabarlarga munosabat bildirdi.
Tarqalgan xabarlarda Turkiston viloyatida import qilingan 43 tonna zararlangan pomidor aniqlangani, ular Oʼzbekiston va Erondan olib kelingani aytilgan. Pomidor kelgan joyiga qaytarib yuborilgani qayd etilgan.
Oʼzbekiston Oʼsimliklar karantini va himoyasi agentligining dastlabki tezkor surishtiruv va oʼrganishlar natijalariga koʼra, Qozogʼiston Oʼzbekistondan import boʼlgan pomidor mahsulotlarida pomidor jigarrang virusi (tomato brown rugose fruit virus) va boshqa karantin kasalliklar aniqlangani yuzasidan mahsulotlarni orqaga qaytarish holati kuzatilmagan va eʼtiroznoma (notifikatsiya) joʼnatmagan.
Shuningdek, ikki mamlakat karantin xizmatlari tezkor ravishda muzokara olib borgan. Xususan, Qozogʼiston Fitosanitariya xizmati Turkiston viloyati hududiy inspektsiyasi rahbari Ibragim Begasilov pomidor jigarrang virusi aniqlanish holati yuzasidan import boʼlgan 43 tonna pomidor mahsulotida, aynan, Oʼzbekistondan yuklangan pomidor mahsulotida xavfli virus qayd etilmaganini telefon muloqotida tasdiqlagan.
Аgentlik maʼlumotlariga koʼra, pomidor eksporti boʼyicha 2023 yil oʼtgan davr mobaynida importchi davlatlarning fitosanitariya talablariga muvofiq jami 24 147 tonna (shundan 14 424 Qozogʼistonga) pomidor mahsulotiga xalqaro fitosanitariya sertifikati berilgan. Importchi davlatlarning karantin xizmati tomonidan nomuvofiqlik holatlari aniqlangani yuzasidan eʼtiroz holati qayd etilmagan.
«Jahon bozoriga xavfsiz, tekshirilgan va turli kasalliklardan holi mahsulotlarni chiqarish, xalqaro qishloq xoʼjaligi maydonida Oʼzbekiston brendi nufuzini mustahkamlash maqsadida har bir qishloq xoʼjaligi mahsuloti partiyasidan namunalar olinib, Markaziy fitosanitariya laboratoriyasida ekspertizadan oʼtkaziladi», – deyiladi vazirlik xabarda.
Shundan soʼng, laboratoriyaning xulosasiga koʼra eksport va import jarayonlari amalga oshiriladi. Jumladan, pomidor jigarrang virusini aniqlash uchun ham namunalar 8 soat davomida maxsus polimeraza zanjir reaktsiyasi (PTsR) testidan oʼtkaziladi.