DunyoSiyosat

Falastin Tojikiston bilan hamkorlikni mustahkamlash niyatida

Tojikiston hukumati binosida Prezident Emomali Rahmon Falastin davlati tashqi ishlar vaziri Riyoz Al-Malikiyni qabul qildi.

Uchrashuv avvalida mamlakat yetakchisi mehmonni tashrifi, shuningdek, Dushanbeda Falastin davlati elchixonasi rasman ochilishi munosabati bilan qutladi. Ushbu voqea turli sohalar bo‘yicha o‘zaro ezgu munosabatni yanada rivojlantirish va kengaytirishga xizmat qilishi ta’kidlandi.

Muzokara chog‘ida Tojikiston – Falastin hamkorligiga oid qator masalalar muhokama qilindi.

Davlat rahbari kelgusida o‘zaro manfaatli aloqalarni yanada yaxshilash va hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy asosini mustahkamlash zarurligiga urg‘u berdi. Buning uchun tegishli vazirlik, idora va tuzilmalar o‘rtasida amaliy sa’y-harakatlar ko‘lamini kengaytirish foydali ekani ma’qullandi. Savdo-iqtisodiy tarmoqlar, shuningdek, madaniyat, ilm-fan va texnika, ta’lim, sog‘liqni saqlash sohalari istiqbolli yo‘nalishlar sifatida e’tirof etildi.

Tomonlar xalqaro va mintaqaviy kun tartibiga doir dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi. Muloqot yakunida Emomali Rahmon uchrashuvdan mamnunligini bildirib, qardosh Falastin xalqiga tinchlik, osoyishtalik, barqarorlik va taraqqiyot tiladi.

Source
Uza.uz

TuraNews

Back to top button