O‘zbekiston Tojikistondan qo‘shimcha elektr import qilishni boshladi
18 yanvardan boshlab Surxondaryo viloyatining qator tumanlariga Tojikiston orqali qo‘shimcha elektr energiyasi yetkazilmoqda. Hududlar qo‘shni mamlakatning «Regar-500» podstansiyasidan chiquvchi 220 kVli kuchlanish bilan ta’minlandi.
Anomal sovuq davrida Surxondaryo viloyatida aholi va ijtimoiy soha obyektlarini uzluksiz elektr energiyasi bilan ta’minlash maqsadida Tojikistondan qo‘shimcha elektr energiyasi yetkazib berish yo‘lga qo‘yildi, deya xabar bermoqda «Hududiy elektr tarmoqlari» Surxondaryo hududiy filiali matbuot xizmati.
18 yanvar kuni Sho‘rchi, Oltinsoy, Qumqo‘rg‘on, Jarqo‘rg‘on tumanlarining 70 foiz, Bandixon, Qiziriq, Sherobod tumanlarining 90 foiz va Boysun tumanidagi elektr energiya iste’molchilari Sariosiyo, Uzun, Denov tumanlari qatori Tojikistonning «Regar-500» podstansiyasidan chiquvchi 220 kVli L-Regar-Zarchop va L-Regar-Sherobod elektr uzatish tarmoqlari orqali kuchlanish bilan ta’minlandi.
Viloyatning Termiz, Jarqo‘rg‘on tumanlarining 30 foizi, Muzrabot, Angor, Sherobod tumanlarining 10 foizi hamda Termiz shahrining elektr energiya iste’molchilari 196 MVt yuklama bilan O‘zbekiston orqali kuchlanish bilan ta’minlanmoqda.
Tojikistonning «Regar-500» podstansiyasidan chiquvchi 220 kVli L-Regar-Zarchop va L-Regar-Sherobod elektr uzatish tarmoqlarining har biridagi simning yuklamani ko‘tarish qobiliyati 250 MVtga mo‘ljallangan.