Madaniyat

Parijda O‘zbekistonlik «GENERATING IDEAS» xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi

23 aprel kuni Fransiya poytaxti Parij shahrida «O‘zbekistonlik. GENERATING IDEAS» xalqaro forumi bo‘lib o‘tdi

Parij forumida dunyoning turli burchaklarida katta muvaffaqiyatga erishib, jahon toifasidagi professionallarga aylangan 200dan ortiq O‘zbekistonliklar, O‘zbekistondan tashrif buyurgan kreativ va media sanoatining yetakchi vakillari ishtirok etishdi. «O‘zbekistonlik. Generating Ideas»xalqaro forumining maqsadi – xorijda muvaffaqiyatga erishgan o‘zbekistonliklar o‘rtasida global netvorking maydonini yaratish, O‘zbekiston taraqqiyotiga xizmat qilishi lozim bo‘lgan muhim masalalarda fikr almashishdan iborat. Shu maqsadda forum davomida inson kapitalini rivojlantirish, ekologiya va yashil iqtisodiyot, raqamli texnologiyalar va kreativ sohalar kabi mavzularda muhokamalar paneli bo‘lib o‘tdi.

Forumda “O‘zbekistonlik” filmining uchinchi qismi premerasi bo‘lib o‘tdi. Muvaffaqiyatga erishgan vatandoshlarimiz hayotidan hikoya qiluvchi filmning navbatdagi epizodida Strasburg filarmoniya orkestri badiiy rahbari va dirijyori Aziz Shohakimov va Shell kompaniyasi IT-arxitektori Madina Berdiyevaning hikoyalari namoyish etildi. Epizodning ommaviy premerasi 26 aprel kuni soat 18:00 da YouTube va My5 telekanali orqali bo‘lib o‘tadi.

Forum ochilishida so‘zga chiqqan O‘zbekistonning Fransiya va Portugaliyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Sardor Rustamboyev loyihani qo‘llab-quvvatlashini, bu o‘zbekistonlik yoshlar uchun katta motivatsiya maydoniga aylanganini ta’kidladi va jamoaga omad tiladi.

Forumning eng asosiy mavzularidan biri Orolbo‘yi mintaqasi muammolari va tobora yo‘qolib borayotgan Orol dengizi haqida bo‘ldi. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi va Aral Dream nodavlat notijorat tashkiloti jamoasi tomonidan tayyorlangan Orolbo‘yi muammolari girdobida yashayotgan qoraqalpog‘istonliklarga bag‘ishlangan “Tuz ichidagi ayol” turkum loyihalari taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Loyiha qoraqalpog‘istonlik ayollar portreti, qisqa metrajli film va Orol dengizidan ilhomlanib tayyorlangan modalar ko‘rgazmasini o‘z ichiga oladi. “Tuz ichidagi ayol” loyihasining maqsadi iqlim o‘zgarishi va uning Orolbo‘yi mintaqasida yashovchi ayollar hayotiga ta’siriga jahon hamjamiyatining e’tiborini jalb qilishdan iborat. Qisqa metrajli filmning onlayn premerasi 25 aprel kuni araldream.com saytida bo‘lib o‘tadi.

Source
Kun.uz

TuraNews

Back to top button