Yaponiya O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatiga Brayl alifbosidagi bosma uskunalarni topshirdi
Yaponiyaning O‘zbekistondagi elchisi Takashi Xatori o‘z mamlakati hukumati nomidan O‘zbekiston ko‘zi ojizlar jamiyatiga Brayl alifbosida adabiyotlarni chop etish uchun dasturiy ta’minot to‘plamini topshirdi. Marosim 7-aprel kuni bo‘lib o‘tdi.
Yaponiya elchixonasi matbuot xizmatining “Gazeta.uz”ga ma’lum qilishicha, qiymati 91,2 ming dollardan ortiq bo‘lgan to‘plam o‘zbek tilida kitoblar va o‘quv materiallarini tayyorlash uchun Brayl alifbosidagi printerlar hamda Brayl alifbosi tarjimasi uchun dasturiy ta’minotdan iborat.
Uskunalar Yaponiya hukumatining “Inson xavfsizligini ta’minlash bo‘yicha kichik ijtimoiy loyihalarga ko‘mak berish grantlari” dasturi doirasida taqdim etildi.
“Barcha odamlar munosib hayot kechirishi uchun Yaponiya tashqi siyosat asosi sifatida „Inson xavfsizligini ta’minlash“ konsepsiyasini ilgari suradi. Shaxsiy ko‘nikmalarni himoya qilish va rivojlantirish orqali mamlakatlar va jamiyat taraqqiyotiga ko‘maklashish shundan iboratdir”, — dedi Yaponiya elchisi.