Iqtisodiyot

Xitoy kompaniyasi Oʻzbekiston bilan hamkorlik qilishdan manfaatdor

“Oʻzcharmsanoat” uyushmasida XXRda faoliyat yuritadigan, charm-poyabzal sanoati uchun mashina va uskunalar ishlab chiqaruvchisi boʻlmish “Golden Lead Machinery Co ltd.” vakillari bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Oʻzbekistonning oʻsib borayotgan va rivojlanayotgan charm-poyabzal sanoatini oʻrganib chiqib, Xitoy kompaniyasi yangi loyihalarda oʻz uskunalari bilan ishtirok etish istagini bildirdi.

“Golden Lead Machinery Co ltd.” Xitoyning Taychjou shahridan boʻlib, har xil turdagi ogʻir sanoat tikuv mashinalari va poyabzal mashinalarini yetkazib berishga ixtisoslashgan. Kompaniyaning mashinalari asosan sport, erkaklar va ayollar uchun charm va poliuretandan tayyorlanadigan turli xil poyabzallar, shuningdek, charm mebellar, avtomobil oʻrindiqlari uchun qoplamalar va xavfsizlik yostiqchalari, gilamlar va charm-attorlik buyumlari: sumkalar, ryukzaklar, chamadonlar ishlab chiqarishga moʻljallangan.

Kompaniyaning uskunalari Braziliya, Meksika, Kanada, Hindiston, Bangladesh, Pokiston va boshqa mamlakatlarning poyabzal va charm-attorlik korxonalari orasida talabga ega. Endi esa kompaniya Oʻzbekistondan hamkor izlayapti.

Mehmonlarga mamlakatda biznes uchun yaratilgan sharoitlar, yangi fabrika va korxonalar soni oʻsib borishi dinamikasi, jumladan, birgina oʻtgan yilning oʻzida tarmoqda 130 ta korxona ishga tushirilganligi haqida soʻzlab berildi. Joriy yildagi va kelgusi istiqboldagi rejalar ham xuddi shunday dadil qadamlar bilan izchil davom etilishi belgilab olinganligi Oʻzbekistonni ushbu Xitoy kompaniyasi uchun jozibador boʻlishi uchun omil sifatida xizmat qiladi.

Uchrashuv davomida “Golden Leader Machinery” oʻz mahsulotlari taqdimotini oʻtkazdi va oʻz texnologiyalarini ilgari surish uchun Oʻzbekistonda distribyutorlik tarmogʻini ochish rejalari bilan oʻrtoqlashdi. Shuningdek, kompaniya joriy yil aprel oyida oʻtkaziladigan “UzcharmExpo-ShoesStar-2023” xalqaro koʻrgazmasi doirasida oʻz ishlab chiqarishi mahsuli boʻlmish mashinalarni mamlakatimiz charm-poyabzal sanoati uchun taqdim etish imkoniyatini koʻrib chiqyapti, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.

Source
Yuz.uz

TuraNews

Back to top button