Turizm

Uzbekistan Airways`ni isloh qilishga Turkish Airlines`ning sobiq rahbari yordam beradi

Uzbekistan Airways`ni isloh qilishga Turkish Airlines`ning sobiq raisi Ilker Ayji jalb qilindi. U O‘zbekiston prezidentiga aviakompaniyani transformatsiya qilish strategiyasi haqida axborot berdi. Uzbekistan Airways`ni yetakchi mintaqaviy aviakompaniyaga aylantirish rejalashtirilmoqda.

Uzbekistan Airways aviakompaniyasini isloh qilishga turkiyalik mutaxassis, Turkish Airlines`ga 2015−2022 yillarda raislik qilgan Ilker Ayji boshchiligidagi jamoa jalb qilindi.

14 dekabr kuni u O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevga Uzbekistan Airways transformatsiyasi bo‘yicha takliflarni taqdim etdi, deya xabar bermoqda davlat rahbari matbuot xizmati.

Ilker Ayji Turkish Airlines aviakompaniyasini boshqargan kezda uni mintaqaviy darajadan global miqyosga muvaffaqiyatli olib chiqqan, deyiladi xabarda.

«Bugun Uzbekistan airways oldiga ham shunday vazifa qo‘yilgan. Mamlakatimizning geografik joylashuvi va soha infratuzilmasidan oqilona foydalanib, uni xalqaro transport xabiga aylantirish ko‘zda tutilgan», — deyiladi xabarda.

Taqdimotda davlat rahbariga «O‘zbekiston havo yo‘llari»ni transformatsiya qilish va rivojlantirish bo‘yicha ishlab chiqilgan strategiya haqida axborot berildi.

Unga muvofiq, aviakompaniyaga xalqaro tajriba asosida korporativ boshqaruv tizimini joriy etish, havo kemalarini ko‘paytirish, xizmatlar sifatini oshirish va yuk tashish tarmog‘ini kengaytirish choralari ko‘riladi. Xorijiy investorlarni jalb etgan holda aviakompaniyani jahon standartlari asosida xususiylashtirish ishlari yakuniga yetkaziladi.

Bulardan ko‘zlangan asosiy maqsad «O‘zbekiston havo yo‘llari»ni yetakchi mintaqaviy aviakompaniyaga aylantirish, shuningdek, aholining mahalliy va xalqaro yo‘nalishlarda arzon narxlarda harakatlanishini ta’minlashdan iboratdir.

Prezident bu rejalarni ma’qullab, uning ijrosiga tezroq kirishish kerakligini ta’kidladi.

«Bu sohada o‘n yilga kechikkanmiz. Aviakompaniya eskicha uslubda ishlayapti, yo‘lovchilar xizmat sifatidan rozi emas. Agar iqtisodiyotimizni, turizmni rivojlantiramiz desak, yakkayu yagona yo‘limiz shu», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

Aviakompaniyada loyiha ofisi tuzib, tranformatsiya jarayonini muvofiqlashtirib borish bo‘yicha tavsiyalar berildi.

TuraNews

Back to top button