Turkiyada zilzila qurbonlari soni 41 mingdan oshdi
Turkiyadagi vayronkor zilzilalar oqibatida qurbonlar soni 41 ming 20 kishiga yetdi. Bu haqda Turkiya hukumati huzuridagi Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish boshqarmasi (AFAD) xabar berdi.
Ayni vaqtda zilzila oqibatida jarohatlanganlar 108 mingdan oshgan.
Eslatib o‘tamiz, 6 fevral kuni Turkiyada 7 balldan ortiq (mahalliy vaqt bilan soat 04:17 da – 7,7 ball va 13:24 da – 7,6 ball) bo‘lgan ikkita zilzila sodir bo‘ldi.
Prezident Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Turkiyada tabiiy ofat qurbonlari munosabati bilan yetti kunlik milliy motam e’lon qildi. Turkiya davlat bayroqlari butun mamlakat bo‘ylab yarimga tushirildi.
Vayronkor zilzila qo‘shni mamlakatlarda, jumladan Suriya, Livan, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Gretsiya va Iroqda ham sezildi.