AsosiyDunyo

“Turkiya – bir yurak” aksiyasida 6 mlrd 106 million AQSH dollari xayriya yig‘ildi

Turkiya hukumati huzuridagi Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish boshqarmasi (AFAD) insonparvarlik kampaniyasida faol ishtirok etgan fuqarolar va tashkilotlarga minnatdorlik bildirdi.

Turkiya hukumati huzuridagi Favqulodda vaziyatlarni oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish boshqarmasi (AFAD) operatsiya hududi ehtiyojlari uchun mablag‘ yig‘ish maqsadida insonparvarlik kampaniyasida faol ishtirok etgan fuqarolar va tashkilotlarga minnatdorlik bildirdi. Aksiya “Turkiya – bir yurak” shiori ostida o‘tkazildi.

“Zilzilalar oqibatlari fonida Hukumat va xalq yig‘ilib, haqiqiy hamjihatlik va birdamlik namunasini namoyish etdi”, deya ta’kidladi idora.

Gap shundaki, kecha, 15 fevral oqshomida Turkiya, Ozarbayjon va Shimoliy Kipr Turk Respublikasining barcha tele va radio kanallarida hamkorlikdagi jonli efirda Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish boshqarmasining zilzilada jarohatlanganlar va qurbonlarga yordam aksiyasi dasturi namoyish etildi. AFAD markaziy binosidan efirga uzatilgan dasturda taniqli aktyorlar va qo‘shiqchilar, boshlovchilar ishtirok etdi va ular qo‘ng‘iroqlarga javob berdi.

“Bugun biz og‘ir kunlarni boshdan kechiramiz, ammo ishonchimiz komilki, yurtdoshlarimizning birdamligi va hamjihatligi tufayli yaralarni davolaymiz. Bir kun avval Turkiya, Ozarbayjon va Shimoliy Kipr Turk Respublikasi tele va radiokanallarida bir vaqtda namoyish etilgan “Turkiya bir yurak” nomli mablag‘ yig‘ish aksiyasi hamjihatligimizning yorqin namunasi bo‘ldi”, deydi AFAD.

16 fevral soat 03:10 holatiga ko‘ra, hamkorlikdagi jonli efirda yig‘ilgan xayriya miqdori 115,1 milliard liraga (6 milliard 106 million AQSH dollari)ga yetdi. Tabiiy ofat zonasi aholisiga yordam ko‘rsatish uchun mablag‘ o‘tkazilganda 9 milliondan ortiq SMS-xabar kelib tushgan.

Eslatib o‘tamiz, 6 fevral epimarkazi Kahramonmarashda 7 balldan ortiq (mahalliy vaqt bilan soat 04:17 da – 7,7 ball va 13:24 da – 7,6 ball) bo‘lgan ikkita zilzila sodir bo‘ldi.

Prezident Rajab Tayyip Erdo‘g‘an Turkiyada tabiiy ofat qurbonlari munosabati bilan yetti kunlik milliy motam e’lon qildi. Turkiya davlat bayroqlari butun mamlakat bo‘ylab yarimga tushirildi.

Vayronkor zilzila qo‘shni mamlakatlarda, jumladan Suriya, Livan, Shimoliy Kipr Turk Respublikasi, Gretsiya va Iroqda ham sezildi.

TuraNews

Back to top button