AsosiyTurizm

Turizm O‘zbekistonning “tashrif qog‘ozi” ga aylanadi

Prezidentimiz raisligida joriy yil 29 mart kuni “Mamlakatimiz turizm salohiyatini jadal rivojlantirish” yuzasidan o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida soha mutasaddilari zimmasiga bir qator dolzarb vazifalar yuklatildi.

«Milliy iqtisodiyotga yuqori daromad keltiradigan istiqbolli tarmoqlardan biri – bu turizm bo‘lib, u – dunyo iqtisodining eng jadal rivojlanayotgan sohalaridan biriga aylandi. Turizmning keng qamrovli taraqqiyoti ko‘plab mamlakatlar uchun katta daromad manbaiga aylanganini inkor etib bo‘lmaydi. Shu sababdan ham dunyoning ko‘plab davlatlari ushbu sohani yanada rivojlantirish, bu borada tegishli infrastrukturani jahon standartlari darajasida yaratish va sayyohlar oqimini oshirish bo‘yicha barcha chora-tadbirlarni amalga oshirmoqda. Jizzax viloyatida ham bu soha izchil rivojlanmoqda.

Videoselektor yig‘ilishida Prezidentimiz tomonidan bugungi kunda yurtimizda turizm sohasida amalga oshirilgan ishlar alohida e’tirof etilib, shu bilan bir qatorda turizmni rivojlantirish bo‘yicha ko‘plab qo‘shimcha imkoniyatlar ko‘rsatib o‘tildi.

Jumladan, yig‘ilishda turizm salohiyatini oshirish bo‘yicha yangi tizim joriy qilinishi ta’kidlanib, sayyohlarni ko‘proq vaqt olib qolish maqsadida viloyatlar ularga biriktirilgan 11 ta oliygoh bilan hamkorlikda ishlab, turizm ob’ektlari to‘g‘risidagi kontentni boyitishi lozim bo‘ladi. Bular 31 ta tuman va ulardagi 143 ta turizm mahallasining tarixi, yodgorliklari va turistik ob’ektlari kontenti, ya’ni ma’lumotlar majmuasi yaratiladi.

Turizm soxasini rivojlantirish uchun viloyatimizdagi olis huddudlar belgilab olindi va endi Arnasoy tumanidagi “Baxtli” hamda “Zarafshon”,  Zomin tumanidagi “Duoba” va Forish tumanidagi “Sayyod”, “Uxum”, “Uchquloch”, “Do‘stlik” mahalla fuqarolar yig‘inlarining turizm salohiyati, imkoniyatlari va tarixiy yodgorliklari, ziyoratgohlar, diqqatga sazovor joylari haqida ma’lumotlar majmuini yaratish talab etiladi. Aynan bu ishlarni amalga oshirish maqsadida Jizzax viloyatiga O‘zbekiston Milliy universiteti biriktirilib, oliygoh professor-o‘qituvchilari va talabalarining bevosita ishtirokida 12 ta xorijiy tilda turistik paketlar ishlab chiqiladi.

Shuningdek, turizm va servis ob’ektlari ishchilari uchun o‘quv seminarlar tashkil etilib, turizm, iqtisodiyot, tarix, geografiya, servis, xorijiy tillar yo‘nalishlarida o‘qiyotgan talabalarning kamida 2 oylik amaliyoti shu tumanlarda tashkil etilishi belgilab olindi. Bundan tashqari, joriy yilning 10 aprelidan xavfsizlik choralarini ko‘rgan holda, Jizzax dovoni orqali turistik mikroavtobus (15 kishigacha) turistik avtobus va mikroavtobuslar qatnovini yo‘lga qo‘yishga ruxsat beriladi. Bunda, 1 apreldan 1 noyabrgacha mavsumda, ishlab chiqarilganiga 3 yil bo‘lmagan transportlarga, kamida 7 yil staji bor haydovchilarga, kunduzi yurishga ruxsat beriladi. Har bir transportga tezlikni masofadan nazorat qilish uskunasi o‘rnatiladi.

Mamlakatimiz bo‘yicha o‘tgan 2022 yilda 31 tuman va 143 ta mahalla turizmga ixtisoslashtirib, ularga alohida soliq rejimi joriy qilingan edi. bugungi kunda ushbu soliq rejimidan viloyatda Forish tumani foydalanmoqda. Zomin va Arnasoy tumanlarida ushbu soliq rejimidan foydalanish bo‘yicha seminarlar, uchrashuvlar va targ‘ibot materiallari aholiga yetkazib berilishi belgilab olindi.

bugungi kunda O‘zbekistonning Fransiya, Qozog‘iston, Rossiya elchixonalari bilan o‘zaro hamkorlik aloqalarini o‘rnatib, 2023 yilning may oyida Germaniya va Rossiya Federatsiyasi turoperatorlar bilan uchrashuvlar o‘tkazilishi belgilab olindi.

Sayyohlarni viloyatimizga yanada kengroq jalb etish maqsadida festival va madaniyat tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirib olindi. Jumladan, “Ziyorat turizmi” yarmarkasi, “Hunarmandchilik va kashtachilik” ko‘rgazmasi, “Jizzax turizm yarmarkasi–2023”, “Ekstremal sport tog‘ turizimi”, “Zomin ultra xalqaro yurish va yugurish marafoni” musobaqalari o‘tkazilishi rejalashtirildi. 2023 yilda viloyatga keladigan turistlarga qulay shart-sharoitlar yaratish, mehmonxonalar sonini yanada oshirish maqsadida 5 ta yangi mehmonxona, 2 ta mehmonxonaning faoliyatini qayta tiklash, shuningdek, “Zomin” turistik rekreatsion zonasi hududida 3 ta yangi mehmonxona faoliyati yo‘lga qo‘yilib, viloyatdagi mehmonxonalar sonini 35 taga yetkaziladi.

Joriy yilda xorijiy turistlarni jalb qilish maqsadida Rossiya, Qirg‘iziston, Tojikiston, Qozog‘iston, Fransiya, Germaniya davlatlari bilan memorandumlar imzolanib, uchrashuvlar o‘tkazish, viloyatimizning turistik salohiyati haqida xorijiy nashrlarda maqolalar chop etish, xalqaro yarmarkalarda ishtirok etish hamda xorij davlatlardagi elchixonalarimiz bilan hamkorlikni yo‘lga qo‘yish orqali 140 ming nafar xorijiy turistlarni viloyatimizga tashrifi tashkil etiladi.

Xulosa o‘rnida aytganda, bugun turizm dunyoda har qanday mamlakatning o‘ziga xos “tashrif qog‘ozi”, iqtisodiy ravnaqi, rivoji, qulay investitsiya muhiti yaratishda jozibador, raqobatbardosh soha sifatida e’tirof etilishi bejiz emas. Bu yuksak e’tibor va rag‘bat yaqin istiqbolda O‘zbekistonning jahonda turizm eng rivojlangan davlatlar qatoridan o‘rin egallashiga ishonch uyg‘otadi.

Sindor Rahmonqulov,

Jizzax viloyati hokimi o‘rinbosari,

Turizm va milliy meros boshqarmasi boshlig‘i

Source
Uza.uz

TuraNews

Back to top button