Transport vazirligi matbuot xizmati maʼlumotlariga koʻra, Toshkent yer usti metrosining Qoʻyliq va Sergeli yoʻnalishlaridagi 19 ta bekatga qanday nom berish boʻyicha jamoatchilik muhokamasi oʻtkaziladi.
Qayd etilishicha, jamoatchilik fikrini yigʻish va ovozga qoʻyish uchun tez orada Toshkent shahar hokimligining maxsus veb-sahifasi ishga tushiriladi.
Keng jamoatchilik tomonidan bildirilgan takliflar ustida ishlash maqsadida ishchi guruh tashkil qilingan boʻlib, unda mazkur masalaga masʼul boʻlgan davlat boshqaruvi va mahalliy davlat hokimiyati organlari bilan bir qatorda, olimlar, tarixchilar, filologlar, oʻlkashunos, blogerlar, toponimika sohasida katta tajribaga ega boʻlgan mutaxassislar taklif etilgan.
Maʼlumot oʻrnida taʼkidlash mumkin, Sergeli metro liniyasini qurish ishlari 2016-yilning dekabrida boshlangan boʻlib, u 2020-yilning kuzida foydalanishga topshirilishi lozim boʻlgan. Loyihaga koʻra, metropolitenning yangi yoʻnalishi “Choshtepa”, “Toshkent halqa yoʻli”, “Sergeli”, “Afrosiyob”, “Qipchoq” va “Chinor” nomlariga ega boʻlishi kerak boʻlgan.
Toshkent metropoliteni xodimi Rustam Poʻlatov 2021-yil sentyabr oyida yangi metro liniyalarining raqamlanishi vaqtincha ekanligini bildirgan.
Atamashunoslar bunda bekatlar qurilgan joyning tarixi, oʻtmishini oʻrganib, shunga koʻra nom tanlaydi. Hozirda “Doʻstlik—Qoʻyliq” yoʻnalishidagi yer usti metro bekatlari 1, 2, 3, 4, 5, 6, 7 tartibida nomlangan.