Hayot
Sovuq havo Toshkentdagi avtobuslar harakatiga ham ta’sir qildi
Havo harorati ertalab -24 darajagacha pasaygani sababli Toshkent shahrida MAN rusumli gazda harakatlanuvchi 40 ta avtobus yo‘nalishlarga chiqa olmadi. Ular kamroq sig‘imli harakatlanuvchi tarkiblar bilan almashtirildi.

Toshkentda 12 yanvar kuni ertalab avtobus qatnovi oralig‘i ortgani shahar aholisi e’tiborini tortdi. Avtobuslar harakatining onlayn monitoringi xizmati yo‘nalishlarda harakatlanayotgan 750 ta avtobusni ko‘rsatdi va kunduzi soat 11:00 ga kelib ularning soni 800 taga yetdi (odatda liniyalarda 1000 dan ortiq avtobus yurardi).
«Toshshahartransxizmat» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi, poytaxt transport boshqarmasi boshlig‘i Anvar Jo‘rayevning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, ertalab soat 5:30 da avtobus bazalarida 40 ta MAN katta sig‘imli siqilgan gazda harakatlanuvchi avtobuslar o‘t olmayotgani ma’lum bo‘lgan.
Ishlab chiqarish korxonasi vakillari bunga nima sabab bo‘lganini tekshirganda tungi havo haroratining -24 darajagacha pasayishi tufayli avtobuslarning gaz ballonlaridagi klapanlar muzlab qolgani ma’lum bo‘lgan. Natijada gaz bilan o‘t oldirish imkoni bo‘lmagan.