Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jo‘mart To‘qayev 3-mart kuni Chimkent shahrida norasmiy uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Qayd etilishicha, suhbatda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, o‘zaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish masalalariga alohida e’tibor qaratilgan. Davlat rahbarlari ikki mamlakat bosh vazirlari o‘rinbosarlari, maxsus ishchi guruhlar hamraislarining imzolangan bitimlar va qabul qilingan qarorlar ijrosining borishi to‘g‘risida hisobotlarini tinglagan.
Madaniy-gumanitar almashinuvlarni faollashtirish muhimligi qayd etilgan. Mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar, bo‘lajak tadbirlar rejasi ham ko‘rib chiqilgan. Uchrashuv har doimgidek ochiq, samimiy va do‘stona muhitda o‘tgan.