AsosiyTurizm

Shahrisabz shahri 2024-yilda Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti turizm poytaxti deb eʼlon qilindi

Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) saytida IHTga aʼzo davlatlar turizm vazirlarining navbatdagi yigʻilishiga bagʻishlangan maqola joylashtirildi.

Unda joriy yil 13-dekabr kuni IHT davlatlari turizm vazirlarining 4-yigʻilishi onlayn tarzda oʻtkazilgani va tadbir doirasida Oʻzbekistonning Shahrisabz shahri 2024-yilda Tashkilotning turizm poytaxti etib tanlangani maʼlum qilingan.

Qayd etilishicha, yigʻilishni Oʻzbekiston Bosh vazirining oʻrinbosari, turizm va madaniy meros vaziri Aziz Abduhakimov kirish nutqi bilan ochgan. “Oʻzbekistonning har bir viloyati, shahar va tumanida sayyohlik infratuzilmasini, xizmatlar sifatini va ularning rang-barangligini takomillashtirishga katta eʼtibor qaratilmoqda”, deya Aziz Abduhakimov nutqidan iqtibos keltiradi manba.

Maqolada qayd etilishicha, Oʻzbekiston vakili, shuningdek, turizm madaniyat, anʼana va merosni uygʻunlashtirishi orqali mintaqa aholisini yaqinlashtiradigan eng mustahkam koʻprik boʻlib xizmat qilishini taʼkidladi. U mintaqani rivojlantirish uchun aʼzo davlatlar oʻrtasida toʻgʻridan-toʻgʻri aviaqatnovlarni koʻpaytirish va sayyohlik sohasida mintaqaviy manfaatdor tomonlar oʻrtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligini taʼkidladi.

«Oʻzbekiston turizm va madaniy meros vaziri ushbu sohada kadrlar tayyorlash muhimligini taʼkidlar ekan, IHTga aʼzo davlatlardan 25 nafar talaba Samarqanddagi “Ipak yoʻli” xalqaro turizm universitetida tahsil olish uchun grant olganini maʼlum qildi, deb yozadi Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti (IHT) sayti. Vazir, shuningdek, Samarqand shahrida boʻlib oʻtadigan Jahon sayyohlik tashkiloti Bosh assambleyasining 25-sessiyasi haqida maʼlumot berar ekan, IHTga aʼzo barcha mamlakatlarni ushbu muhim tadbirda ishtirok etishga taklif qildi».

Maqolada qayd etilishicha, IHT Bosh kotibi Xusrav Noziri oʻz maʼruzasida yigʻilish ishtirokchilarini qutlagani barobarida sayyohlik sohasi «IHT istiqbollari – 2025» konsepsiyasiga muvofiq rivojlanishning ustuvor yoʻnalishlari qatoriga kiritilganini alohida taʼkidladi. Bosh kotib, shuningdek, IHT mintaqasida YUNESKO roʻyxatiga kiritilgan 74 ta Butunjahon merosi obyektlari joylashgani va ular yuqori sayyohlik salohiyatiga ega ekanligini aytdi. «IHT Bosh kotibi xorijlik sayyohlar uchun chegarani kesib oʻtish tartib-taomillarining soddalashtirilishi, viza rejimining yengillashtirilishi va liberallashtirilishi butun mintaqada turizm industriyasini rivojlantirishga xizmat qilishini taʼkidladi».

Maqolada, shuningdek, yigʻilish ishtirokchilari aʼzo davlatlar oʻrtasidagi hamkorlikning umumiy asosi sifatida IHT mintaqasida COVID-19dan keyin jadal tiklanish, xavfsiz va barqaror turizmni rivojlantirishga koʻmaklashish boʻyicha “Yoʻl xaritasi”ni qabul qilganlari haqidagi maʼlumotlar ham oʻrin olgan.

«Anjuman yakunlari boʻyicha 2024 va 2025-yillar uchun IHT turizm poytaxtlari sifatida Oʻzbekistonning Shahrisabz va Turkiyaning Erzurum shaharlarini tanladi. Turizm sohasida hamkorlik toʻgʻrisidagi Samarqand deklaratsiyasi va IHT turizm vazirlarining 5-yigʻilishi 2023-yilda Eronning Ardabil shahrida boʻlib oʻtishi boʻyicha qaror qabul qilindi», deb yozadi IHT sayti.

Source
Halq so'zi

TuraNews

Back to top button