Muloqot avvalida Senat Raisi Turkiyaning janubiy- sharqiy qismidagi viloyatlarda yuz bergan kuchli zilzila oqibatida koʻplab insonlar qurbon boʻlgani va jabr koʻrgani, mamlakat nihoyatda katta talafotlar olgani munosabati bilan birodar Turkiya xalqiga, vafot etganlarning oilalari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirib, tabiiy ofat oqibatida jarohat olganlarga tez fursatda sogʻayib ketishlarini tiladi.
T. Narbayeva Turkiy davlatlar tashkilotining navbatdan tashqari sammitida Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan ilgari surilgan tashabbus va takliflarni Turkiya davlati qoʻllab-quvvatlashi xalqlarimizning koʻp yillik yaqin qardoshlik aloqalari va saʼy-harakatlari mushtarakligining yana bir muhim tasdigʻi ekanini hamda bunda parlamentlararo aloqalar mamlakatlar oʻrtasidagi barcha darajadagi aloqalarni rivojlantirishda muhim mexanizmlardan biri hisoblanishini taʼkidladi.
Muloqot chogʻida Oliy Majlis Senati hamda Turkiya parlamenti oʻrtasidagi munosabatlarni rivojlantirish istiqbollariga oid masalalar muhokama etildi. Xususan, ikki mamlakatning hamkorlik borasida yuqori darajada belgilangan vazifalar ijrosida parlament diplomatiyasi imkoniyatlarini kuchaytirish zaruratiga toʻxtalib oʻtildi.
Samimiy va doʻstona ruhda kechgan suhbatda Turkiya Buyuk Millat Majlisi Raisi Mustafo Shentop hamkasbi Tanzila Narbayevani va u orqali butun oʻzbek xalqini yaqinlashayotgan Navroʻz ayyomi hamda kirib kelayotgan muborak Ramazon oyi bilan muborakbod etdi.
Suhbat yakunida tomonlar ikki qardosh xalq oʻrtasida oʻrnatilgan ochiq, chinakam qardoshlik munosabatlarini, doʻstlik rishtalarini yanada mustahkamlashda bor imkoniyatlarni ishga solishlarini bildirib oʻtdilar, deb xabar beradi Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlis Senati matbuot xizmati.