AsosiyIqtisodiyot

Rossiya kompaniyasi Oʻzbekistonda poyabzal mahsulotlarini ishlab chiqaradi

“Oʼzcharmsanoat” uyushmasida Rossiyaning “Texnolyuks” kompaniyasi rahbariyati bilan O’zbekistonda poyabzal korxonasini ochish yuzasidan uchrashuv boʼlib oʼtdi.

“Texnolyuks” MCHJ autsorsing asosida bolalar qishki va sport poyabzallarini ishlab chiqarish bilan shugʻullanadi. Rossiyaning aksariyat chakana savdo tarmoqlariga mahsulot yetkazib beradi. Mahsulotlarga talab yuqori. Shu bois, korxona ishlab chiqarishni kengaytirish ustida ishlayapti. Oʻzbekiston esa yangi korxona uchun qulay manzil sifatida baholandi.

Yigʻilishda investorlarga sohani tartibga soluvchi qonunchilik bazasi, investorlarni kafolatlovchi normativ hujjatlar, soliq va bojxona imtiyozlari hamda soha uchun yaratilgan kichik sanoat zonalari haqida toʻliq maʼlumot berildi.

Kompaniya delegatsiyasi bir necha bor amaliy tashrif bilan O’zbekiston’da boʻlib, Oʻzbekistonning ishlab chiqarish salohiyati va xomashyo bazasi, biznes yuritish uchun yaratilgan sharoitlarni oʻrgandi. Xorijiy korxona Oʻzbekistonda roʻyxatdan oʻtgan boʻlib, hozirda ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish uchun tegishli bino tanlanyapti.

Yangi korxonada dastlabki bosqichda yiliga 80 ming juft poyabzal ishlab chiqariladi. Ishlab chiqarish quvvatini oyiga 30-40 ming juftga yetkazish rejalashtirilgan. Korxonada asosan bolalar poyabzali tayyorlanadi. Shuningdek, ayollar poyabzallari ishlab chiqarishga qaratilgan liniyani tashkil etish masalasi ham koʻrib chiqilyapti.

Yangi korxonada ishlab chiqarilgan mahsulotlar eksportga yoʻnaltiriladi. Bu borada MDH ustuvor bozor hisoblanadi. Istiqbolda kompaniya Yevropa bozoriga kirib borish ustida ishlayapti.

Yigʻilish yakunlari boʻyicha “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi tomonidan poyabzal fabrikasini ishga tushirish, faoliyatini yoʻlga qoʻyish va mahsulotlarni eksportga yoʻnaltirishga har tomonlama huquqiy va amaliy yordam koʻrsatishga qaror qilindi, deb xabar beradi “Oʻzcharmsanoat” uyushmasi matbuot xizmati.

TuraNews

Back to top button