Qozog‘istondagi Inson huquqlari bo‘yicha vakil idorasi nikoh uchun odam o‘g‘irlashni jinoyat deb topish bo‘yicha taklif kiritdi. Bu haqda ombudsman matbuot xizmati xabar berdi.
Xususan, Jinoyat kodeksini “Nikoh tuzish maqsadida odam o‘g‘irlash” degan alohida modda bilan to‘ldirish, shuningdek, agar jabrlanuvchi ixtiyoriy ravishda ozod qilingan bo‘lsa, shaxsni jinoiy javobgarlikdan ozod qiluvchi normani olib tashlash taklif etilmoqda.
Hisobotda Qozog‘istonda, ayniqsa, janubiy viloyatlarda kelin o‘g‘irlash amaliyoti hamon keng tarqalgani qayd etilgan. “Ayrim hollarda bunday harakatlar jinsiy daxlsizlik, kamsitish, noqonuniy qamoqqa olish va hatto o‘z joniga qasd qilishga olib keladi”, — deya ta’kidladi ombudsman idorasi.
Idora ma’lumotlariga ko‘ra, 2019-yildan 2023-yilgacha Qozog‘istonda odam o‘g‘irlash bilan bog‘liq 214 ta jinoiy huquqbuzarlik qayd etilgan. Shu bilan birga, xabarda ta’kidlanganidek, bunday jinoyatlar bo‘yicha ishonchli statistik ma’lumotlar yo‘q, chunki Jinoyat kodeksida tegishli modda mavjud emas.
“Biz ishonamizki, [ushbu modda] ayollarga nisbatan jinoyatchilik darajasini pasaytirish imkonini beruvchi profilaktik ta’sir ko‘rsatadi. Bosh prokuratura ombudsman taklifini qo‘llab-quvvatladi”, — deyiladi ombudsman xabarida.
O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Turkmanistonda ayollarni majburan nikohga olish uchun o‘g‘irlash jinoyat deb hisoblanadi. O‘zbekiston Jinoyat kodeksida bu 136-modda (Ayolni erga tegishga majbur qilish yoki uning erga tegishiga to‘sqinlik qilish)da o‘z aksini topgan bo‘lib, BHMning (330 ming so‘m) 25 baravarigacha miqdorda jarima yoki 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi.