2023 yilda Qozog‘iston neftni Rossiyani chetlab o‘tib, Ozarboyjon orqali eksport qila boshladi. Bu yo‘nalish bo‘yicha yetkazib berishni ko‘paytirish va barqarorlashtirish kerak, dedi Qozog‘iston prezidenti To‘qayev.
Qozog‘iston jahon bozorlariga energiya resurslari yetkazib berish jarayonini diversifikatsiya qilmoqchi. Bu yo‘nalishdagi asosiy loyihalardan biri Qozog‘iston neftini Ozarboyjon orqali yetkazib berishdir, dedi Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev 10 aprel, dushanba kuni Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev bilan muzokaralardan so‘ng.
«Bizning kelishuvlarimiz sharofati bilan joriy yilda Qozog‘iston neftining birinchi partiyasi Ozarboyjon orqali jo‘natildi. Keyingi qadam yetkazib berish hajmini oshirish va ularni uzoq muddatli, barqaror qilishdir», – dedi To‘qayev.
Ilgari Qozog‘istondan neft eksport qilishning asosiy yo‘li «Kaspiy quvurlari konsorsiumi» tizimi bo‘lgan, u neftni Rossiyaning Novorossiysk shahriga tashib, u yerdan dengiz orqali jo‘natardi. 2022 yil iyulida Novorossiyskning Primorskiy tuman sudi «Kaspiy quvurlari konsorsiumi» ishini 30 kunga to‘xtatib qo‘ydi, shundan so‘ng To‘qayev neft eksporti uchun yangi yo‘nalishlarni topish haqida topshiriq berdi.