Qozogʻiston Prezidenti hukumatning yangi aʼzolarini tayinladi
Prezident administratsiyasining sobiq rahbari Nurtleu Qozogʻiston bosh vaziri oʻrinbosari va tashqi ishlar vaziri boʻldi.

Qozogʻiston Prezidenti Qasim-Jomart Toqayev Murat Nurtleuni respublika bosh vaziri oʻrinbosari – tashqi ishlar vaziri etib tayinlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi, deb xabar qildi davlat rahbari matbuot xizmati.
Qozogʻiston hukumati 19-mart kuni boʻlib oʻtgan Majilis (parlament quyi palatasi) deputatlari saylovidan keyin isteʼfoga chiqdi. Toqayev eski Vazirlar Mahkamasiga yangi hukumat tuzilgunga qadar vazifalarni bajarishni topshirdi. 30-mart, payshanba kuni davlat rahbari 2022-yil yanvaridan Vazirlar Mahkamasini boshqarib kelayotgan Alixan Smoilovni bosh vazir lavozimiga qayta tayinlash toʻgʻrisidagi farmonni imzoladi.
“Nurtleu Murat Abugaliyevich Qozogʻiston Respublikasi bosh vazirining oʻrinbosari – tashqi ishlar vaziri etib tayinlansin, Qozogʻiston Respublikasi prezidenti administratsiyasi rahbari lavozimidan ozod etilsin”, — deyiladi farmonda.
Nurtleu 2022-yil 1-fevraldan beri prezident administratsiyasini boshqarib kelmoqda. Avvalroq bosh vazir oʻrinbosari – tashqi ishlar vaziri lavozimini Muxtar Tleuberdi egallab kelgan edi.
“Axmetjanov Marat Muratovich Qozogʻiston Respublikasi ichki ishlar vaziri etib tayinlansin”, — deyiladi farmonda.
Bundan tashqari, Toqayev boshqa farmon bilan Ruslan Jaksыlыkovni Mudofaa vazirligi rahbari etib qayta tayinladi.