Hayot

Qoraqalpog‘istonda bolalar uchun yangi turdagi sut mahsulotlari ishlab chiqariladi

Qoraqalpog‘istonda bolalar uchun sut kislotali bakteriyalarning mahalliy shtammlari asosida yangi turdagi sut mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda. Loyiha 2021 yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan.

Qoraqalpog‘istonda bolalar uchun mutlaqo yangi turdagi sut mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda, deya xabar bermoqda Innovatsion rivojlanish vazirligi matbuot kotibi Nazokat Abduqunduzova.

Qayd etilishicha, Nukus shahrida joylashgan Panaev farms fermer xo‘jaligi tomonidan «Orolbo‘yi mintaqasida yashovchi bolalar uchun sut kislotali bakteriyalarning mahalliy shtammlari asosida sut mahsulotlari ishlab chiqarish» loyihasi doirasida yangi turdagi sut mahsulotlarini ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilmoqda.

Loyiha 2021 yilda Innovatsion rivojlanish vazirligi mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan bo‘lib, Turkiya davlatidan jami 90 ming dollar qiymatidagi zamonaviy uskunalar olib kelindi. Xo‘jalik yiliga 60 tonna sut mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatiga ega.

«Loyihaning to‘liq quvvatda ishga tushirilishi natijasida olib kelingan uskunalarda yana 50 turdagi oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarish imkoniyatlari mavjud», — deyiladi xabarda.

TuraNews

Back to top button