Qirg‘izistonda, «Samarqand Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi» g‘oyasi taqdim etildi
O‘zbekistonning Qirg‘izistondagi elchixonasida Qirg‘iziston sayyohlik kompaniyalari, turizm sohasini faol targ‘ib qilib kelayotgan taniqli blogerlar bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Bu haqida, “Dunyo” AA ma’lumot bo‘lishdi.
Ushbu ma’lumotga ko‘ra, unda, Qirg‘iz turoperatorlari assotsiatsiyasi rahbari S.Gluxoverov boshchiligidagi uyushma aʼzolari – «Travel Experts», «Nomads Land», “EcoNomad”, «Grand travel», «Sun House», «Kyrgyz Concept», “Ulush”, «Voyager Group», «CAT Company», «Ak-Say Travel», «Aziya Expedition» kompaniyalari rahbarlari, shuningdek, taniqli mahalliy blogerlar ishtirok etgan.
Tadbir davomida «Samarqand Yangi O‘zbekistonning turizm darvozasi» mavzusiga bag‘ishlangan taqdimot o‘tkazilgan. Unda Samarqand shahridagi keng imkoniyatlar va milliy ziyoratgohlarga kelayotgan sayyohlar soni, moddiy va madaniy meros obyektlari haqida batafsil maʼlumotlar Qirg‘izistondagi sayyohlik kompaniyalari vakillarining eʼtiborniga havola qilingan.
Tadbir ishtirokchilariga Samarqandning qadimiy obidalari, ziyoratgohlar, savdo maskanlar, yangi mehmonxonalari haqidagi rang-barang tarqatma materiallar va videoroliklar taqdim etilgan.
Qirg‘iziston vakillari, o‘z navbatida, O‘zbekistonning barcha hududlarida turizmni rivojlantirish bo‘yicha Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida amalga oshirilayotgan amaliy ishlar, jumladan, xorijiy sayyohlarga yaratilayotgan shart-sharoitlar, vizasiz va soddalashtirilgan elektron viza tartiblari joriy etilgani, infratuzilma majmualarini barpo qilish, shuningdek, ziyorat turizmi, tibbiyot turizmi, ekoturizm, agroturizm, gastronomik turizm va tog‘ turizmini rivojlantirish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlarni alohida taʼkidlaganlar.
Bo‘lib o‘tgan uchrashuvda, shuningdek, gastronomik turizm yo‘nalishida o‘zaro tajriba almashish, O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan yarmarka va forumlarda Qirg‘iziston turkompaniyalarining ishtirokini taʼminlash, xorijiy sayyohlarga turli yo‘nalishlarni o‘z ichiga olgan “O‘zbekiston-Qirg‘iziston” kombiturlarini sotish yuzasidan ham atroflicha fikr almashilgan.
Uchrashuv yakunida, taniqli qirg‘iz blogerlari bilan O‘zbekistonning sayyohlik salohiyatini birgalikda keng targ‘ib qilishga kelishib olingan.