Dunyo

Qirg‘izistonda bolalarga zarar yetkazuvchi axborotni taqiqlovchi qonun qabul qilindi

14-avgust kuni Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov qonunchilikka “bolalar sog‘lig‘i yoki rivojlanishiga zarar yetkazuvchi” ma’lumotlarni tarqatganlik uchun javobgarlikni nazarda tutuvchi tuzatishlarni imzoladi. Bu haqda Qirg‘iziston rahbari matbuot xizmati xabar berdi.

Qonun bilan Jinoyat kodeksiga, shuningdek, “Qirg‘iziston Respublikasida bolalar salomatligi, ularning jismoniy, intellektual, aqliy, ma’naviy va axloqiy rivojlanishiga zarar yetkazilishining oldini olish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi va “Ommaviy axborot vositalari to‘g‘risida”gi qonunlarga o‘zgartishlar kiritildi.

O‘zgartirishlar, xususan, ommaviy axborot vositalarida va Internetda quyidagi mazmundagi ma’lumotlarni tarqatishni taqiqlaydi:

  • bolalarni ularning hayoti yoki sog‘lig‘iga tahdid soladigan xatti-harakatlarga, shu jumladan, sog‘lig‘iga zarar yetkazishga, o‘z joniga qasd qilishga undaydigan;
  • bolalarda giyohvandlik vositalari, psixotrop yoki mast qiluvchi moddalar, giyohvandlik vositalari, tamaki mahsulotlari, nikotinli mahsulotlar, alkogolli va spirtli mahsulotlar, ular asosida tayyorlangan pivo va ichimliklar, energetik ichimliklarni iste’mol qilish, qimor o‘yinlari, fohishalik, tilanchilik bilan shug‘ullanish istagini keltirib chiqarishi mumkin bo‘lgan;
  • zo‘ravonlik yoki shafqatsizlikni yoqlovchi, odamlar yoki hayvonlarga nisbatan zo‘ravonlik harakatlarini rag‘batlantiruvchi;
  • oilaviy va an’anaviy ijtimoiy qadriyatlarni inkor etuvchi, noan’anaviy jinsiy aloqani targ‘ib qiluvchi va ota-onalarga yoki boshqa oila a’zolariga hurmatsizlikni keltirib chiqaruvchi;
  • noqonuniy xatti-harakatlarni oqlovchi;
  • behayo so‘z yoki pornografik xarakterdagi ma’lumotlarni o‘z ichiga oluvchi.

Taqiqlangan axborotni tarqatish uchun jarimalar nazarda tutilgan, deb yozadi Kloop. Jarima jismoniy shaxslar uchun 2000 som (23 $), yuridik shaxslar uchun 10 ming som (114 $)ni tashkil etadi. Ommaviy axborot vositalari va Internetda bolalar uchun “zararli” kontentni chop etish 25 ming som (284 dollar) bilan jazolanadi.

Qirg‘izistonning “Institut Media Polisi” nodavlat tashkiloti ushbu tuzatishlarning qabul qilinishiga qarshi chiqdi va ularni “senzura o‘rnatish va fuqarolarning ma’lumot olishini o‘zboshimchalik bilan cheklashning yana bir ma’muriy richagi” deya atadi. Mutaxassislarning fikricha, “tashabbuskorlar tomonidan e’lon qilingan bolalar uchun xavfsiz axborot muhitini yaratish maqsadi shunchaki populizm va zo‘ravonlik faoliyatiga taqliddir”.

Avvalroq Yevroparlament ham Qirg‘iziston hukumatini “bolalarni zararli axborotdan himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun va bir qator boshqa qonun loyihalarini qayta ko‘rib chiqishga chaqirgandi. Deputatlar tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyada “Qirg‘izistonda demokratik standartlar va inson huquqlarining xavotirli darajada yomonlashgani” qayd etilgan.

Source
Gazeta.uz

TuraNews

Back to top button