Dunyo

Pusanda o‘zbekistonlik talabalar uyushmasi tashkil etildi

O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi qoshida «Pusandagi o‘zbekistonlik talabalar uyushmasi» tashkil etildi.

Shu munosabat bilan Pusan shahrida bo‘lib o‘tgan tadbirda O‘zbekistonning Seuldagi elchixonasi xodimlari, O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakillari, Pusandagi oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalar va xorijlik mehmonlar ishtirok etdi.

Tadbirda so‘nggi paytlarda O‘zbekistonda yoshlar masalasiga davlat siyosatining eng ustuvor yo‘nalishlaridan biri sifatida qaralayotgani, yoshlarga bildirilayotgan ishonch yildan yilga mustahkamlanib, ularning jamiyatda faol bo‘lishi, o‘qib ilm olishi va yurt ravnaqi yo‘lida munosib mehnat qilishi uchun barcha imkoniyatlar yaratilayotgani taʼkidlandi.

Qayd etildiki, yurtimizda yosh avlod vakillarini har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ayniqsa xorijda taʼlim olayotgan hamda mehnat qilayotgan yoshlar bilan olib borilayotgan ishlarni tizimli yo‘lga qo‘yish borasida amaliy ishlar qilinmoqda. Yoshlarning huquq va manfaatlarini himoya qilish, ularga zarur shart-sharoitlar va imkoniyatlarni yaratib berish borasida mustahkam huquqiy baza yaratilib, bu tizim zamon talablariga hamohang ravishda takomillashtirib borilmoqda.

Bugungi tadbir zamirida ham davlatimiz tomonidan belgilab berilgan yoshlar kelajagi bilan bog‘liq har qanday vazifa birlamchi ahamiyatga ega ekani yotibdi.

Tadbirda «Pusandagi o‘zbekistonlik talabalar uyushmasi»ning ushbu shahardagi o‘ngga yaqin oliy taʼlim muassasalarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik yoshlarni birlashtiruvchi tashkilot bo‘lishiga ishonch bildirildi.

– Uyushmani tashkil etishdan asosiy maqsad Janubiy Koreyaning Pusan shahrida joylashgan oliy o‘quv yurtlarida bakalavriat, magistratura, doktorantura yo‘nalishlarida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talaba yurtdoshlarimizni bir jamoa bo‘lib birlashtirish, ularga kerakli maslahatlar berish, ularni yurtimizda amalga oshirilayotgan ijobiy islohotlar bilan tanishtirish, mamlakatimizning boy tarixiy, madaniy va turistik salohiyatini xorijliklar orasida keng targ‘ib etishga qaratilgan, -dedi «Pusandagi o‘zbekistonlik talabalar uyushmasi» yetakchisi, Pukyong milliy universiteti talabasi Muhammadjon Bekmirzayev.

Bundan tashqari, Pusan shahrida tahsil olayotgan o‘zbekistonlik talabalarni va ilmiy izlanishlar olib borayotgan yosh olimlarni turli seminar va anjumanlar tashkil etish orqali birlashtirish, talabalarimiz ishtirokida qator madaniy va maʼrifiy tadbirlar hamda turli sport musobaqalarini tashkil etish, O‘zbekiston fuqarolariga taʼlim, sug‘urta, viza va boshqa huquqiy masalalar bo‘yicha konsalting yordam ko‘rsatish, muntazam ravishda turli stipendiya dasturlari haqida maʼlumot berish va ularga ariza topshirish bo‘yicha yo‘l-yo‘riq ko‘rsatish, turli yo‘nalishlarda tahsil olayotgan va izlanayotgan talabalarimiz uchun yagona tarmoq yaratish ham oldimizga qo‘yilgan vazifalardan sanaladi.

– «Pusandagi o‘zbekistonlik talabalar uyushmasi»ning tashkil etilishi xorijda taʼlim olayotgan o‘zbekistonliklar bilan ishlash, jumladan, ular bilan muntazam ravishda muloqot olib borib, yoshlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlarimizning davomidir,- dedi O‘zbekiston yoshlari umumjahon assotsiatsiyasining Koreya Respublikasidagi vakolatxonasi rahbari Yelena Chuyanova. – Istiqbolda Assotsiatsiyamiz qoshida tashkil etilgan «Pusandagi o‘zbekistonlik talabalar uyushmasi» faollari bilan birgalikda yoshlarimiz uchun foydali bo‘lgan qator loyihalarni amalga oshirishni rejalashtirganmiz.

Ishtirokchilar, shuningdek, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan konstitutsiyaviy islohotlarning ustuvor yo‘nalishlari va Bosh qomusimizga kiritilayotgan o‘zgarishlarning mazmun-mohiyati bilan ham tanishtirildi. Yangilanayotgan Konstitutsiya yurtimiz taraqqiyoti, xalqimiz farovonligi rivojiga xizmat qilishi, eng avvalo «Inson qadri uchun» g‘oyasini ustuvor yo‘nalish sifatida belgilashi qayd etildi.

Talabalar yangilanayotgan Konstitutsiyamizda yoshlar masalasi alohida bob darajasiga olib chiqilayotganidan mamnun ekanliklarini aytib, joriy yil 30 aprel kuni o‘tkaziladigan «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy qonun loyihasi bo‘yicha referendumda faol ishtirok etishlarini bildirdi.

Source
Yuz.uz

TuraNews

Back to top button