Siyosat

Pokiston bilan koʻp qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga kelishib olindi

Oʻzbekiston Respublikasi hukumati delegatsiyasining joriy yil 26-27-dekabr kunlari Pokiston Islom Respublikasiga tashrifi doirasida Bosh vazir oʻrinbosari – investitsiyalar va tashqi savdo vaziri Jamshid Xodjayev Pokistonning asosiy vazirliklari va idoralari hamda ishbilarmon doiralar vakillari rahbarlari bilan bir qator uchrashuv va muzokaralar oʻtkazdi.

Ushbu uchrashuvlarda oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish boʻyicha Qoʻshma dasturni qabul qilish va kelgusida amalga oshirish, Imtiyozli savdo bitimi yuzasidan kelishish ishlarini yakunlash va uni kuchga kirishini taʼminlash, Tranzit savdosi toʻgʻrisidagi bitim imkoniyatlaridan toʻliq foydalanish kabi ikki tomonlama hamkorlikning dolzarb masalalari muhokama etildi. Toʻqimachilik sanoati, qurilish materiallari, mineral oʻgʻitlar, maishiy texnika ishlab chiqarish, uy-joy qurilishi, fan-texnika, turizm sohalarida umumiy qiymati 500 million dollardan ortiq boʻlgan investitsiya loyihalarini amalga oshirish boʻyicha aniq chora-tadbirlar koʻrish, shuningdek, kimyoviy mahsulotlarni oʻzaro yetkazib berishga kelishildi.

MDH davlatlari, Janubiy, Janubi-Sharqiy Osiyo va Afrika mamlakatlari bozorlariga birgalikda mahsulotlarni chiqarishni nazarda tutgan holda Oʻzbekiston va Pokistonning tranzit salohiyatidan toʻliq foydalanish lozimligi qayd etildi. Shu munosabat bilan Karachi va Gvadar portlarida Oʻzbekiston kompaniyalari tomonidan off-dock terminallarni ijaraga olish imkoniyati oʻrganildi.

Tomonlar Oʻzbekiston qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini yetkazib berish, shakar va sut mahsulotlari eksportini yoʻlga qoʻyish va ishlab chiqarilishini tashkil qilish, qoʻshma sholi yetishtiruvchi fermer xoʻjaliklari va echki fermalarini tashkil etish masalalarini nazarda tutgan holda, qishloq xoʻjaligi sohasidagi hamkorlik istiqbollarini alohida tahlil qildilar.

Pokiston tomoni muhokama etilgan tashabbuslarga har tomonlama yordam koʻrsatishga, fitosanitariya nazorati boʻyicha yagona qoidalarni joriy etishga, Oʻzbekistonning Jahon savdo tashkilotiga aʼzo boʻlish jarayoniga texnik va maslahat yordamini kengaytirishga hamda mintaqaviy transport-logistika loyihalarini amalga oshirish doirasida hamkorlikni kuchaytirish va mintaqadagi manfaatdor davlatlarni ham ushbu jarayonga jalb etish yuzasidan munosabatlarni davom ettirishga tayyorligini bildirdi.

Source
Yuz.uz

TuraNews

Back to top button