Oʻzbekistonda ayollarga qanday imtiyozlar bor?
Oʻzbekiston Adliya vazirligi qonunchilikda ayollarga qanday imtiyoz va yengilliklar koʻrsatib oʻtilgani boʻyicha maʼlumot berdi.
Adliya vazirligi 8-mart — Xalqaro xotin-qizlar kuni munosabati bilan Oʻzbekiston qonunchiligida ayollarga qanday imtiyoz va yengilliklar koʻrsatib oʻtilgani boʻyicha maʼlumot berdi. Quyida ular bilan batafsil tanishish mumkin.
1. Xotin-qizlarga tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyish uchun 33 million soʻmgacha kreditlar ajratiladi.
Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi hisobidan 3 yilgacha va 6 oygacha imtiyozli davr bilan yillik 14 foiz stavkada 33 million soʻmgacha kreditlar beriladi. Buning uchun ular quyidagi dasturlardan birini muvaffaqiyatli tugatgan boʻlishi kerak:
- Tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi va Biznes va tadbirkorlik oliy maktabi maʼqullangan dasturlar asosidagi oʻquv kurslari;
- “Ishga marhamat” monomarkazlari, kasb-hunarga oʻqitish markazlari, mahallalardagi kasb-hunarga oʻqitish maskanlari va Xotin-qizlar tadbirkorlik markazlari yoki nodavlat taʼlim muassasalarining kasbga oʻrgatish oʻquv kurslarining maxsus oʻqitish dasturlari.
2. Ayollarni pensiya yoshiga toʻlgani sababli ish beruvchi tashabbusi bilan ishdan boʻshatish taqiqlanadi.
Bunda ayollarning pensiya yoshiga toʻlgani yoki yoshga doir davlat pensiyasini olish huquqi vujudga kelgani sababli nomuayyan muddatli mehnat shartnomasini 60 yoshga toʻlgunga qadar yoki muddatli mehnat shartnomasining muddati tugagunga qadar ish beruvchining tashabbusiga koʻra bekor qilish mumkin emas.
3. Ayrim toifadagi xotin-qizlarga OTMga kirish uchun tavsiyanoma beriladi.
Ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlarga oliy taʼlim muassasalari kirishda davlat granti asosidagi qabul doirasidagi tanlovda ishtirok etish uchun tavsiyanoma beriladi. Tavsiyanoma quyidagi mezonlar asosida taqdim etiladi:
- kam taʼminlangan oilalardagi xotin-qizlar;
- toʻliqsiz oilada tarbiyalanayotgan, yaʼni otasi yoki onasi yoxud ularning ikkalasi ham vafot etgan ijtimoiy himoyaga muhtoj qizlar;
- turmush oʻrtogʻi vafot etgan, voyaga yetmagan farzandini yolgʻiz tarbiyalayotgan ijtimoiy himoyaga muhtoj ayollar;
- nogiron farzandi bor ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar;
- 2 va undan ortiq farzandini tarbiyalayotgan, qarindoshlaridan alohida yashayotgan yolgʻiz ayollarning qiz farzandlari;
- ota-onalaridan biri yoki har ikkisi ham I yoki II guruh nogironi boʻlgan ehtiyojmand oilalardagi xotin-qizlar.
Tavsiyanoma olish uchun tuman (shahar) mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boʻlimlariga elektron shaklda murojaat qilinadi.
4. “Ayollar daftari”ga kiritilganlarga 5 mln soʻmgacha kreditlar naqd berilishi mumkin.
“Ayollar daftari”ga 30 yoshdan oshgan quyidagi xotin-qizlar kiritiladi:
- ijtimoiy himoyaga muhtoj ishsiz xotin-qizlar;
- tadbirkorlik qilish istagida boʻlgan ehtiyojmand xotin-qizlar;
- boquvchisi boʻlmagan ehtiyojmand xotin-qizlar;
- ijtimoiy yordamga muhtoj I va II guruh nogironligi boʻlgan, tezkor tibbiy muolajaga muhtoj ehtiyojmand xotin-qizlar;
- uy-joyga muhtoj xotin-qizlar;
- qaramogʻida nogironligi boʻlgan farzandlari bor ehtiyojmand xotin-qizlar.
5. Ishlaydigan onalarga bolani ovqatlantirishga tanaffus beriladi.
2 yoshga toʻlmagan bolali ayollarga bolani ovqatlantirish uchun (oʻziga berilgan dam olish va ovqatlanish uchun beriladigan tanaffusdan tashqari) kamida har 3 soatda bir marta har biri 30 minutdan kam boʻlmagan tanaffus beriladi.
2 yoshga toʻlmagan ikki va undan koʻp bolali ayollarga tanaffusning muddati kamida 1 soat qilib belgilanadi. Mazkur tanaffuslar uchun ish haqi kamaytirilmaydi.
Bolali ayolning xohishiga koʻra tanaffuslar dam olish va ovqatlanish uchun belgilangan tanaffusga qoʻshib berilishi yoki umumlashtirilib, ish kunining boshiga yoki oxiriga koʻchirilib, ish kuni shunga yarasha qisqartirilishi mumkin.
6. Xotin-qizlarning kasb oʻrganishga qilgan xarajatlarini davlat toʻlab beradi.
Bunda xotin-qizlar nodavlat taʼlim tashkilotlarida kasb-hunarga va tadbirkorlikka oʻqiganda qilgan xarajatlarning 70 foizi, biroq har bir bitiruvchiga 1 million soʻmdan ortiq boʻlmagan xarajatlar davlat tomonidan qoplab beriladi.
7. “Ayollar daftari”ga kiritilgan yolgʻiz ayollarning farzandlari ham bogʻchaga imtiyozli roʻyxat asosida qabul qilinadi.
Oʻzgartirishlarga koʻra, maktabgacha tashkilotlarga ustunlik bilan qabul qilinish huquqiga ega bolalar roʻyxati (imtiyozli roʻyxat) yangilandi.
Endilikda bolalarning quyidagi kontingenti bogʻchaga ustunlik bilan qabul qilinish huquqiga ega boʻladi:
- I va II guruh nogironligi boʻlgan shaxslarning bolalari (ilgari — nogiron boʻlgan shaxslarning bolalari);
- koʻp bolali oilalarning bolalari;
- yetim bolalar yoki ota-onasining qarovisiz qolgan bolalar;
- “Ayollar daftari”ga kiritilgan ijtimoiy himoyaga muhtoj yolgʻiz ayollarning bolalari;
- kontrakt boʻyicha harbiy xizmatchilarning va ichki ishlar organlari xodimlarining bolalari (ilgari — harbiy xizmatchilarning va huquqni muhofaza qilish organlari xodimlarining bolalari);
- talabalar va pedagoglarning bolalari;
- akalari yoki opalari ushbu muassasaning tarbiyalanuvchilari jumlasidan boʻlgan bolalar;
- koʻp tarmoqli ixtisoslashtirilgan maktabgacha tashkilotlardan umumiy turdagi maktabgacha tashkilotlarga oʻtkazilayotgan sogʻaygan bolalar (ilgari — boshqa muassasalardan oʻtkazilgan bolalar).
8. Ogʻir ijtimoiy ahvoldagi xotin-qizlarga imtiyozli uy-joylar beriladi.
Uy-joyga muhtoj xotin-qizlarga beriladigan arzon uy-joylar toʻlovining:
- 10 foizi Xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash davlat maqsadli jamgʻarmasi, talabgor ishlayotgan tashkilot va boshqa manbalar hisobiga (boshlangʻich badal sifatida);
- 90 foizi banklarning imtiyozli kreditlari hisobiga qoplanadi.
Arizalar tuman hokimi boshchiligidagi hududiy komissiyaga beriladi.
9. Faol va tashabbuskor xotin-qizlar “Moʻtabar ayol” koʻkrak nishoni bilan taqdirlanadi.
Mazkur koʻkrak nishoni bilan:
- jamiyat va davlat hayotida faollik va tashabbuskorlik koʻrsatgan;
- oʻzining samarali mehnati bilan oilaning shakllanishiga va farovonligi mustahkamlanishiga, onalik va bolalik muhofazasiga munosib hissa qoʻshgan;
- sogʻlom va barkamol avlodni voyaga yetkazish, ularni vatanparvarlik va istiqlol gʻoyalariga sadoqat ruhida tarbiyalash, joylarda maʼnaviy-axloqiy muhitni sogʻlomlashtirish va milliy qadriyatlarimizni keng targʻib etish borasida ibratli faoliyat olib borayotgan xotin-qizlar taqdirlanadi.
10. 12 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarga qoʻshimcha taʼtil beriladi.
12 yoshga toʻlmagan ikki va undan koʻp bolasi yoki 16 yoshga toʻlmagan nogiron bolasi bor ayollarga har yili 3 ish kunidan kam boʻlmagan haq toʻlanadigan qoʻshimcha taʼtil beriladi. Shuningdek, ularning xohishiga koʻra har yili 14 kalendar kundan kam boʻlmagan ish haqi saqlanmagan taʼtil beriladi.
Bunday taʼtil yillik taʼtilga qoʻshib berilishi yoki alohida foydalanilishi mumkin.
11. Ayrim xotin-qizlarning kontrakt puli davlat tomonidan toʻlab beriladi.
Xususan, magistraturada oʻqiyotgan xotin-qizlarning kontrakt toʻlovlarini qoplab berish tartibi belgilangan. Magistraturada toʻlov-shartnoma asosida oʻqiyotgan xotin-qizlarning kontrakt summasini Davlat byudjetidan qoplab berish tartibi tasdiqlangan. Buning uchun talabgorlar 15-sentyabrga qadar oʻzlari taʼlim oladigan muassasa rektori nomiga ariza bilan murojaat etishlari talab qilinadi.
Shuningdek, hukumat qarori bilan har bir hududdan ota-onasi yoki ularning biridan ayrilgan muhtoj qizlar, boquvchisi yoʻq yolgʻiz 100 nafar ayollarning toʻlov-kontrakti hokimliklar tomonidan har yili toʻlab beriladi. 50 nafargacha xotin-qizlar birinchi oʻquv yilida bepul oʻqitilishi ham koʻzda tutilmoqda.
12. 2 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar yengilroq ishga oʻtkaziladi.
2 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollar avvalgi ishini bajarishi mumkin boʻlmaganida bolasi 2 yoshga toʻlgungacha yengilroq yoki noqulay ishlab chiqarish omillarining taʼsiridan xoli ishga oʻtkaziladi. Bunda avvalgi ishidagi oʻrtacha oylik ish haqi saqlab qolinadi.
13. Homilador ayollar, 3 yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarni ishga qabul qilishda dastlabki sinov qoʻllanilmaydi.
Quyidagi toifadagi shaxslarni ishga qabul qilishda dastlabki sinov muddati qoʻllanmaydi:
- homilador ayollar, uch yoshga toʻlmagan bolasi bor ayollarga;
- korxona uchun belgilangan minimal ish joylari hisobidan ishga yuborilgan shaxslarga;
- oʻrta maxsus, kasb-hunar taʼlimi muassasalarining hamda oliy oʻquv yurtlarining tegishli taʼlim muassasasini tamomlagan kundan eʼtiboran uch yil ichida birinchi bor ishga kirayotgan bitiruvchilarga;
- xodim bilan 6 oygacha muddatga mehnat shartnomasi tuzilgan hollarda.
14. Rahbarlik lavozimiga tanlovda xotin-qizlar va erkaklarning teng ishtiroki taʼminlanadi.
Davlat xizmatidagi lavozimlarni, shu jumladan, rahbarlik lavozimlarini egallash uchun tanlovda xotin-qizlar va erkaklarning teng ravishda ishtirok etishi taʼminlanishi kerak.
Davlat organlarining kadrlar xizmatlari zimmasiga tanlov komissiyalariga nafaqat tanlovda ishtirok etayotgan shaxslarning maʼlumoti va kasbiy tayyorgarligi toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni, balki davlat xizmatining tegishli lavozimlarida ishlayotgan xotin-qizlar va erkaklar sonining nisbati toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni ham taqdim etish majburiyati yuklatiladi.
15. Ayrim ayollar 53 yoshda pensiyaga chiqishi mumkin.
Texnologiyadagi, ishlab chiqarish va mehnatni tashkil etishdagi oʻzgarishlar, xodimlar soni (shtati) yoki ish xususiyatining oʻzgarishiga olib kelgan ishlar hajmining qisqargani yoxud korxonaning tugatilgani munosabati bilan ishdan ozod etilgan va ishsiz deb eʼtirof etilgan ayollar 53 yoshga toʻlganda va ish staji kamida 20 yil boʻlganda pensiya olish huquqiga ega boʻladi.
16. 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar tavsiyanoma asosida oʻqishga qabul qilinadi.
Hukumat qarori bilan kollej yoki texnikum diplomidagi mutaxassisligi boʻyicha 5 yil ish stajiga ega xotin-qizlar kontrakt asosida OTMga qabul qilinadi. Bunda tavsiyanomaga ega abituriyentlar orasida alohida test oʻtkaziladi, ular orasidan yuqori ball toʻplagan 500 nafarigina OTMga kira oladi.
17. Xotin-qizlarga 7 yilga foizsiz taʼlim krediti beriladi.
Prezident qaroriga koʻra, oliy hamda oʻrta maxsus va professional taʼlimda tahsil oluvchi xotin-qizlarga 7 yilga 14 foizlik taʼlim kreditlari ajratiladi. Bunda foiz stavkalarini Moliya vazirligining jamgʻarmasi qoplab beradi. Xotin-qizlar esa asosiy qarzni oʻqishni tamomlagach, 7 yil davomida toʻlaydi.
18. Nogironligi boʻlgan xotin-qizlarni ishga olganlarga subsidiya beriladi.
Prezident qarori bilan mehnatga layoqatli, nogironligi boʻlgan xotin-qizlarni ish bilan taʼminlagan ish beruvchilar uchun 6 oy davomida har oyda BHMning 2 baravari (600 ming soʻm)dan kam boʻlmagan miqdorda subsidiya ajratiladi.
19. Xotin-qizlar va bolalar huquqlarini himoya qilishda javobgarliklar kuchaytirilmoqda.
Oʻzbekistonda xotin-qizlar, bolalar va keksa yoshdagi ota-onalar huquqlarini himoya qiluvchi qonun loyihasi ishlab chiqilgan. Unga koʻra, 18 yoshga toʻlmaganlarning nomusiga tegish, zoʻrlik ishlatib, jinsiy ehtiyojni qondirish uchun javobgarlik kuchaytirilmoqda. Xususan, ularga nisbatan amnistiya qoʻllanmaydi.