O‘zbekistonda xalqaro avtobus qatnovlari to‘xtatildi
O‘zbekistondan xalqaro yo‘nalishlarda amalga oshiriluvchi muntazam avtobus qatnovlari 2023 yil 13 yanvardan vaqtinchalik to‘xtatildi. Ushbu qaror noqulay ob-havo sharoiti va yo‘lovchi tashuvlari xavfsizligini ta’minlash maqsadida qabul qilingan, Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Xususan, 12 yanvar kuni Qozog‘istondagi «Samara-Chimkent» avtomobil yo‘lining 819-kilometrida «Krasnodar-Sariog‘och» xalqaro yo‘nalishida harakatlangan, ichida O‘zbekistonning 31 nafar fuqarosi bo‘lgan avtobus to‘xtab qolgan.
Avtotransport vositasi yo‘lda qolib ketishiga kuchli sovuq tufayli dizel yonilg‘isi muzlab qolgani sabab bo‘lgan. Qozog‘iston Respublikasi Aqto‘be oblasti Xromtau rayoni qutqaruvchilari yo‘lovchilarni Xromtau shahridagi «Sherxon» kempingiga joylashtirishgan. Jabrlanganlar yo‘q, yo‘lovchilarning issiqlik ta’minoti nazoratga olingan.