Siyosat

O‘zbekistonda Shanxay hamkorlik tashkilotining sammiti bo‘lib o‘tadi

O‘zbekistonning Samarqand shahrida Shanxay hamkorlik tashkilotining navbatdagi sammiti bo‘lib o‘tadi

15-16-sentabr kunlari Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev raisligida Shanxay hamkorlik tashkiloti Davlat rahbarlari kengashining 22-majlisi tadbirlari bo‘lib o‘tadi. Bu haqida O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma’lumot tarqatdi.

Ushbu ma’lumotga ko‘ra unda, SHHTga a’zo mamlakatlar – Pokiston Islom Respublikasi, Rossiya Federatsiyasi, Tojikiston Respublikasi, Xitoy Xalq Respublikasi, O‘zbekiston Respublikasi, Qirg‘iz Respublikasi, Qozog‘iston Respublikasi, Hindiston Respublikasi, shuningdek, tashkilot huzuridagi kuzatuvchi davlatlar – Belarus Respublikasi, Mongoliya va Eron Islom Respublikasi yetakchilari ishtirok etadi.

Faxriy mehmon sifatida Türkiye Respublikasi, Ozarbayjon Respublikasi, Turkmaniston va Armaniston Respublikasi, shuningdek, Birlashgan Millatlar Tashkiloti, boshqa nufuzli xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar rahbarlari taklif etilgan.

Qayd etilishicha, Samarqand sammitining kun tartibiga muvofiq ko‘p tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirishning dolzarb masalalari, SHHTni rivojlantirishning amaliy jihatlari va ustuvor vazifalari ko‘rib chiqiladi. Xalqaro va mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar yuzasidan fikr almashiladi.

Yakunda tashkilot faoliyatini kengaytirish va ustuvor sohalardagi mintaqaviy hamkorlikni chuqurlashtirishga qaratilgan salmoqli hujjatlar to‘plamining imzolanishi kutilmoqda.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmatining ta’kidlashicha, bo‘lajak majlis SHHT yetakchilarining 2020-yilda koronavirus pandemiyasi boshlanganidan so‘ng o‘tgan oxirgi uch yilda birinchi yuzma-yuz uchrashuvi bo‘ladi.

Shuningdek, sammit O‘zbekiston Respublikasining SHHTdagi raisligiga yakun yasaydi. O‘tgan davrda 80 dan ortiq yirik tadbir o‘tkazilgan.

Source
TRT

TuraNews

Back to top button