Iqtisodiyot

O‘zbekistonda 2022 yilda o‘rtacha nominal ish haqi 3,89 mln so‘mgacha o‘sdi

Respublikada 2022 yilda o‘rtacha nominal oylik ish haqi 21,1 foizga oshib, 3,89 million so‘mni tashkil qildi. Hududlar orasida Toshkent, faoliyat turi bo‘yicha — bank sohasi yetakchilikni saqlab qoldi. Shu bilan birga, poytaxt va hududlar o‘rtasidagi ish haqi bo‘yicha farq oshishda davom etmoqda.

O‘zbekistonda 2022 yilda o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 21,1 foizga oshib, 3 million 892 ming so‘mни tashkil etdi, deya xabar berdi Statistika agentligi.

O‘sish sur’ati 2021 yilga (+20,3%) va 2020 yilga (15%) nisbatan yuqori, lekin 2019 yilga nisbatan past (+27,5%) bo‘ldi.

  • Nominal hisoblangan ish haqi yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan korxona va tashkilotlarning (qishloq xo‘jaligi korxonalari va kichik biznes subyektlari bundan mustasno) ma’lumotlari asosida hisoblanadi. O‘rtacha ish haqini aniqlash uchun mehnat daftarchalari bo‘lgan xodimlarning daromadlari, shuningdek, ularga beriladigan nafaqalar, mehnatga haq to‘lash, rag‘batlantirish va kompensatsiya to‘lovlari, jismoniy shaxslardan olinadigan daromad solig‘i va kasaba uyushma jamg‘armasiga ajratmalar hisobga olinadi.

O‘tgan yil davomida eng kam oylik ish haqi faqat 1 iyunda oshib, 920 ming so‘mga yetgandi.

Hududlar bo‘yicha eng yuqori o‘rtacha ish haqi Toshkent shahrida saqlanib qoldi, poytaxtda o‘rtacha nominal oylik ish haqi yil davomida 28,2 foizga oshib, 4,94 million so‘mdan 6,31 million so‘mga o‘sdi. Keyingi o‘rinlarni, avvalgidek, 5,12 million so‘m bilan Navoiy (+11,9 foiz) va 3,94 million so‘m bilan Toshkent viloyatlari (+14,5 foiz) egalladi.

Eng past ko‘rsatkichlar Samarqand (2,94 mln so‘m, +21,7%), Farg‘ona (2,9 mln so‘m, +18,8%), Namangan (2,92 mln so‘m, 20,6%) va Surxondaryo viloyatlarida (2,95 mln so‘m, +22%) qayd etildi.

Source
Gazeta.uz

TuraNews

Back to top button