O‘zbekiston va Tojikiston xalq artisti Sherali Jo‘rayev hayotdan ko‘z yumdi. Bu haqda O‘zbekkonsert xabar qildi.
Sherali Jo‘rayev 1947-yili 12-aprel kuni Andijon viloyatida tavallud topgan. 1971-yilda Toshkent teatr va rassomchilik institutining Aktyorlik san’ati yo‘nalishini tamomlagan.
Madaniyat vazirligining yozishicha, u mehnat faoliyatini 1972-yilda “Shodlik” ashula va raqs ansamblida xonanda sifatida boshlagan. Shuningdek, 1979−1986-yillarda Andijon viloyati filarmoniyasi xonandasi, 1986−1996-yillarda O‘zbekiston davlat filarmoniyasi xonandasi, 1996−2017-yillarda “O‘zbeknavo” estrada birlashmasi xonandasi, 2017-yilda shu kunga qadar “O‘zbekkonsert” davlat muassasasi xonandasi sifatida samarali ijod qilib kelayotgandi.
Xofizning mehnatlari munosib baholanib, 1981-yilda “O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist” faxriy unvoni bilan, 1987-yilda “O‘zbekiston xalq artisti” faxriy unvoni bilan, 1991-yilda A.Navoiy nomidagi O‘zbekiston davlat mukofoti bilan, 2018-yilda “Tojikiston xalq artisti” faxriy unvoni bilan, 2018-yilda “Fidokorona xizmatlari uchun” ordeni va 2022-yilda “El-yurt hurmati” ordeni bilan mukofotlangan.