AsosiyIqtisodiyot

O‘zbekiston va Qozog‘iston bilan gaz bo‘yicha hamkorlik g‘oyasida geosiyosiy o‘yinlar yo‘q – Lavrov

Rossiya tashqi ishlar vaziri O‘zbekiston va Qozog‘iston ishtirokida uch tomonlama gaz ittifoqi tuzilishi borasidagi xabarlarga munosabat bildirdi. O‘zbekiston tomoni energiya resurslari importi faqat tijoriy asoslarda amalga oshirilishini ma’lum qilgan.

Rossiya, O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida «gaz ittifoqi» tuzish g‘oyasida hech qanday geosiyosiy o‘yinlar yo‘q. Bu haqda Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Qozog‘istonning «Xabar 24» telekanaliga bergan intervyusida aytib o‘tdi. Video Rossiya TIVning Telegram-kanalida joylashtirilgan.

«Ayni vaqtda Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston o‘rtasida gaz bo‘yicha «uch tomonlama» loyiha shakllantirish tashabbusi muhokama qilinmoqda. Tahlilchilar, ayniqsa G‘arbdagilar darhol bu qandaydir siyosiy yoki geosiyosiy «o‘yin» ekani haqida gapira boshlashdi. Bu yerda hech qanaqa «o‘yin» yo‘q», – deya Lavrovning so‘zlarini keltirgan RIA Novosti.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatlar umumiy gaz tashish tizimiga ega va barcha tomonlar mavsumiy piklar tufayli ta’minot uzilib qolmasligidan manfaatdor.

«Rossiya, Qozog‘iston va O‘zbekiston – umumiy gaz tashuv tizimiga ega qo‘shnilardir. Ular gaz iste’molining mavsumiy yuqori cho‘qqilarini hisobga olgan holda gaz ta’minoti uzilib qolmasligidan manfaatdor. Shu kunlarda O‘zbekistonda kutilmaganda elektr energiyasida keskin taqchillik yuzaga kelgani haqidagi xabarni o‘qib qoldim. Mana, hech qanday siyosiylashtirmasdan, mafkuraviylashtirmasdan o‘z imkoniyatlarimizdan foydalanib, fuqarolarimiz manfaatlari yo‘lida amaliy masalalarni hal qilishimiz kerak bo‘lgan aniq misol», – deya qo‘shimcha qilgan Rossiya TIV rahbari.

 

Source
Kun.uz

TuraNews

Back to top button