Asosiy

O’zbekiston qishloq xo‘jaligi sohasida Turkiya bilan hamkorlik qiladi

Turkiya Respublikasi qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash tashkiloti prezidenti Muhammed Adak O'zbekistonga tashrif buyurdi.

Bugungi kunda qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirish, tarmoqqa raqamlashtirish jarayonini joriy etish borasida qator ishlar olib borilmoqda. Sohada natijadorlikni oshirish maqsadida xorijiy davlatlar bilan hamkorlikni kengaytirish, shuningdek, ularning tajribalarini o‘rganish masalalari doimiy e’tiborda bo‘lib keladi, deb TRT Avaz xabar berdi.

Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vazirligida vazir Aziz Voitovning Turkiya Respublikasi qishloq xo‘jaligi va qishloq hududlarini rivojlantirishni qo‘llab-quvvatlash tashkiloti prezidenti Muhammed Adak bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Unda agrar sohadagi hamkorlik O‘zbekiston-Turkiya uchun ustuvor yo‘nalish hisoblanishi hamda bu boradagi ikki tomonlama aloqalarni kengaytirish alohida ahamiyat kasb etishi ta’kidlandi.

Uchrashuvda Turkiyaning qishloq xo‘jaligini raqamlashtirish bo‘yicha tajribasini O‘zbekistonda qo‘llash maqsadida Qo‘shma o‘quv markazini tashkil etish taklifi bildirildi. Shuningdek, O‘zbekiston tomoni Turkiyaning yerni masofadan zondlash kosmik apparatlari va geoaxborot texnologiyalari yordamida ekinlarni joylashtirish, tuproq holatini kuzatish bo‘yicha qo‘shma loyihalarini amalga oshirishga tayyorligini qayd etdi.

Urug‘chilik sohasida Turkiyaning «TURKTOB» urug‘ yetishtiruvchilar uyushmasi mutaxassislari ishtirokida qo‘shma urug‘chilik loyihalarini yo‘lga qo‘yish maqsadga muvofiq ekanligi ko‘rsatib o‘tildi.

Ilm-fan aloqalarini mustahkamlash maqsadida Turkiya Respublikasi Qishloq va o‘rmon xo‘jaligi vazirligi qoshidagi Qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va siyosati bosh boshqarmasining (TAGEM) mamlakatimizdagi mintaqaviy vakolatxonasini ochish rejalashtirilayotganligi ma’lum qilindi.

Ta’kidlash joizki, bu kabi hamkorlik aloqalarining kengayishi qishloq xo‘jaligi sohasini yanada rivojlantirish, amaliy natijalarni ko‘paytirishga xizmat qiladi.

TuraNews

Back to top button