Salomatlik
O‘zbekiston Pfizer vaksinasining yana 143 mingga yaqin dozasini qabul qildi
O‘zbekistonga koronavirusga qarshi Pfizer vaksinasining qariyb 143 ming dozasi keltirildi. Dekabr oyida yana 3 mln doza vaksina kelishi kutilmoqda.

Dushanba kuni O‘zbekistonga Pfizer vaksinasining 142 740 dozasi yetib keldi, deb xabar berdi Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati.
COVAX dasturi doirasida yetkazilgan vaksinani BMTning Bolalar jamg‘armasi moddiy-texnik yordam sifatida taqdim qildi.
YUNISEF ma’lumotlariga ko‘ra, dekabr oyida O‘zbekistonga Pfizer vaksinasining yana 3 mln dozasi keladi.
Bugungi kunga qadar mamlakatda emlash jarayonida jami 72,5 mln doza vaksina qo‘llanilgan bo‘lib, shundan 6,7 millioni Pfizer vaksinasidan olingan.
Eslatib o‘tamiz, iyul oyida O‘zbekistonga 2 mln dozada Pfizer vaksinasi yetkazib berilgandi. Emlash vositalari Qo‘shma Shtatlar tomonidan COVAX dasturi doirasida yuborilgandi.