AsosiyHayot

O’zbekiston Ochiq ma’lumotlar reytingida yana yuqoriladi

O‘zbekiston «Open Data Watch»  tashkilotining «Open Data Inventory» (ODIN) Ochiq ma’lumotlar reytingida 66 ball yig‘ib, jahon bo‘yicha 40-o‘rinni, Markaziy Osiyoda esa 1-o‘rinni egalladi. 2020 yilda mamlakat 63 ball bilan 44-o‘rinda edi.

» Reyting 2020 va 2022 yillar natijalariga asoslangan.

2020−2022 yillar oralig‘ida O‘zbekiston umumiy ball ma’lumotlar qamrovi (data coverage) bo‘yicha 52 dan 56 ga va ma’lumotlarning ochiqligi (data openness) bo‘yicha 72 dan 74 ballga ko‘tarilgan.

Natijalarga qaraydigan bo‘lsak, O‘zbekiston ijtimoiy va iqtisodiy statistika bo‘yicha o‘z mavqeini yaxshilagan, lekin atrof-muhit ifloslanishi ko‘rsatkichi bo‘yicha natija yomonlashgan. Xususan, agar «ifloslanish» bo‘limida 2020 yilda mamlakatda 56 ball bo‘lgan bo‘lsa, bugun u 0 ball etib belgilanib turibdi. Shu bilan birga, Statistika agentligi o‘z saytida atmosferaga chiqayotgan ifloslantiruvchi moddalar to‘g‘risidagi ma’lumotlarni e’lon qildi.

Reytingga ko‘ra, Markaziy Osiyo davlatlari orasida O‘zbekiston birinchi o‘rinni egallab turibdi. Jahon reytingida Qozog‘iston 48, Qirg‘iziston 89, Tojikiston 120 va Turkmaniston 192-o‘rinlarda bormoqda.

2022 yilgi reyting natijalariga ko‘ra Singapur birinchi o‘rinni egallagan bo‘lsa, ulardan keyin Daniya va Finlyandiya uchlikka yakun yasagan.

Ochiq ma’lumotlar inventarizatsiyasi (ODIN) reytingi ochiq ma’lumotlar siyosatini ilgari surish, ulardan foydalanish imkoniyatini yaxshilash va milliy statistika idoralari va ma’lumotlardan foydalanuvchilar o‘rtasidagi muloqotni rag‘batlantirish uchun rasmiy statistikaning qamrovi va ochiqligini baholaydi. Unda mamlakatning statistik takliflari qanchalik to‘liqligini va ulardagi ma’lumotlar xalqaro ochiqlik standartiga mos kelishi o‘lchanadi.

Source
Gazeta.uz

TuraNews

Back to top button