Asosiy

O‘zbekiston gaz, elektr, ko‘mir va mazut importi bo‘yicha muzokaralarni faollashtiradi

Bundan tashqari, benzin importi ham oshiriladi, Ai-80 markali benzin importi va chakana realizatsiyasi aksiz solig‘idan vaqtincha ozod etiladi. Bahorgacha davlat idoralariga qarashli avtomobillarga siqilgan gaz quyish taqiqlandi, ular benzinga o‘tkaziladi. Suyultirilgan gaz eksporti to‘liq to‘xtatiladi.

Prezident administratsiyasi rahbari Sardor Umrzoqov boshchiligida qishni betalafot o‘tkazish, energetika tizimidagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha videoselektor yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Yig‘ilishda O‘zbekistonda yuzaga kelgan murakkab vaziyat oqibatlarini yumshatish uchun qo‘shimcha choralar belgilandi.

Tabiiy gaz va elektr energiyasi bo‘yicha:

  • gaz yetkazib berish hajmi sutkasiga 5 million kub metrga oshiriladi;
  • 2023 yil 1 martga qadar davlat idoralari tasarrufidagi siqilgan gazda harakatlanadigan avtomobillardan foydalanish taqiqlanib, ularni benzinga o‘tkaziladi;
  • xorijiy davlatlar bilan qo‘shimcha tabiiy gaz, elektr energiyasi, ko‘mir, mazut xarid qilish bo‘yicha muzokaralar jadallashtiriladi;
  • barcha ishlab chiqaruvchilar va treyderlarga suyultirilgan gazni eksport qilish taqiqlanadi;
  • tabiiy gaz yetkazib berish imkoniyati mavjud bo‘lmagan hollarda aholiga suyultirilgan gaz yetkazib berishga ruxsat etiladi;
  • Suv xo‘jaligi vazirligi tizimidagi nasos stansiyalariga elektr energiyasi yetkazib berishga o‘rnatilgan vaqtincha cheklovlar yil yakuniga qadar uzaytiriladi;

Benzin bo‘yicha:

  • birja sotuvlariga qo‘yilayotgan AI-80 benzining kunlik hajmi oshiriladi;
  • birjada AI-80 benzini savdosiga vositachi kompaniyalarning ishtirok etishiga yo‘l qo‘yilmaydi;
  • benzin va dizel yoqilg‘isi ishlab chiqarish uchun xomashyo hamda tayyor benzin importi oshiriladi;
  • 2 oy muddatga AI-80 benzini importi uchun aksiz solig‘i va uni chakana sotish uchun aksiz solig‘ini hisoblash va undirish to‘xtatib turiladi;
  • AI-80 benzini narxining asossiz oshirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi, narx oshishi boshlang‘ich narxning 5 foizidan ortiq bo‘lmasligi ta’minlanadi.

Shuningdek, prezident topshirig‘iga asosan bosh vazir boshchiligida energiya muammolarini tezkor o‘rganish va hal qilib borish bo‘yicha hukumat ishchi guruhi tuzilmoqda. Kunlik nazorat o‘rnatish uchun prezident maslahatchilari va bosh vazir o‘rinbosarlari har bir viloyat hokimiga biriktirildi.

Source
Kun.uz

TuraNews

Back to top button