Siyosat

Oʻzbekiston va Turkiya harbiy-havo kuchlari qoʻmondonlari Toshkentda uchrashdi

26-aprel kuni Oʻzbekiston Mudofaa vazirligida vazir oʻrinbosari — havo hujumidan mudofaa qoʻshinlari va harbiy-havo kuchlari qoʻmondoni Ahmad Burxonov Turkiya harbiy-havo kuchlari qoʻmondoni Atilla Gulan boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.

Mudofaa vazirligi matbuot xizmatiga koʻra, muzokaralar davomida ikki davlat oʻrtasidagi doʻstlik aloqalarini yanada mustahkamlash, harbiy-havo kuchlari sohasida hamkorlik, bu borada soha mutaxassislarining malakasini oshirish istiqbollari atroflicha muhokama qilindi.

Kunning ikkinchi yarmida delegatsiya vakillari Chirchiqda joylashgan harbiy qismda boʻlib, harbiy qism faoliyati va koʻrgazmali parvozlar bilan tanishishdi.

“Turkiya Respublikasining Harbiy havo kuchlari qoʻmondoni armiya generali Atilla Gulan Oʻzbekiston harbiy mutaxassislarining bilim va tajribalarini yuqori baholar ekan, kelgusida soha yoʻnalishida tashkil etiladigan amaliy ishlar ikki mamlakat oʻrtasidagi harbiy aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qilishini taʼkidlab oʻtdi”, — deyiladi xabarda.

Turkiya harbiy delegatsiyasining tashrifi 27-aprel kuni Qarshidagi Oʻzbekiston Oliy harbiy aviatsiya bilim yurti faoliyati bilan tanishish bilan davom etadi.

TuraNews

Back to top button