Iqtisodiyot

Namangan va Turkiya gulchilari hamkorligi kengaymoqda

Namangan viloyat gulchilikni rivojlantirish markazi vakillari Turkiyaning qator shaharlarida boʻlib, turk mutaxassislari bilan hamkorlik shartnomalarini imzoladi.

O’zbekistonning Namangan shahrida anʼanaga aylangan Gullar festivalining xalqaro maqom olgani mahalliy gulchilarga yangi imkoniyatlar eshigini ochmoqda. Ularning bir qator xorijiy hamkasblari bilan hamkorlik aloqalarini oʻrnatayotgani buning yaqqol tasdigʻidir.

Yaqinda Namangan viloyat gulchilikni rivojlantirish markazi vakillari Turkiyaning qator shaharlarida boʻlib, turk mutaxassislari bilan hamkorlik shartnomalarini imzoladi.

— Maqsad yangi gul va buta koʻchatlarini olib kelib, mahalliylashtirish, sohada oʻzaro tajriba almashishdan iborat. Oʻtgan yili Oʻzbekiston gulchilar assotsiatsiyasi tomonidan Namanganda kurslar tashkil etilgan edi. Unda mahalliy gulchilarga dars bergan turkiyalik mutaxassis Erdal Ayyildiz ham safar davomida bizga yaqindan yordam berdi, – deydi Gulchilikni rivojlantirish markazi rahbari Obidxon Qodirov.

Ayni paytda Namangandagi markazga qarashli plantatsiyalarda oʻn million dona turli gul koʻchatlari parvarishlanmoqda. Ularning koʻpi qishning izgʻirinli kunlarida ham barq urib ochilib turibdi. Viloyatda 2023-yilgi Gullar festivaliga 30 million dona gul yetishtirib, bayramning asosiy tadbirlari oʻtadigan parkka ekish rejalashtirilgan.

TuraNews

Back to top button