Joriy yil 3-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Misr Arab Respublikasi savdo va sanoat vaziri Ahmad Solih bilan videokonferensiya tarzida muzokaralar oʻtkazdi.
Joriy yil 3-aprelda Oʻzbekiston Respublikasi investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Kudratov Misr Arab Respublikasi savdo va sanoat vaziri Ahmad Solih bilan videokonferensiya tarzida muzokaralar oʻtkazdi.
Unda ikki mamlakat oʻrtasidagi savdo-iqtisodiy, sarmoyaviy va sanoat sohalarida oʻzaro hamkorlikni rivojlantirishning bugungi holati va istiqbollarini muhokama tildi.
Suhbat chogʻida investitsiyaviy hamkorlikni rivojlantirish masalalari, xususan, Port-Said shahrida toʻqimachilik, charm va elektrotexnika mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha Oʻzbekiston korxonalarini joylashtirish uchun qoʻshma sanoat kooperatsiyasi va distributsiya markazini tashkil etish chora-tadbirlari koʻrib chiqildi. Misr tomoni loyihalarni oʻz vaqtida samarali amalga oshirishga har tomonlama yordam koʻrsatishga tayyorligini bildirdi.
Savdo-sanoat kooperatsiyasini rivojlantirish masalalari muhokama etildi. Shu nuqtai nazardan, oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini oshirish uchun salmoqli salohiyat mavjudligi taʼkidlandi. Shu munosabat bilan ikki mamlakat oʻrtasida Sanoat kooperatsiyasi va savdoni rivojlantirish dasturini, shuningdek, Imtiyozli savdo toʻgʻrisidagi bitimni kelishish va tasdiqlashni tezlashtirishga qaratilgan saʼy-harakatlarni faollashtirishga kelishildi.
Suhbat yakunida tomonlar hamkorlikning muhokama etilgan yoʻnalishlarini muvaffaqiyatli amalga oshirishga koʻmaklashishga tayyor ekanliklarini bildirdilar. Shuningdek, ikki mamlakat Savdo-sanoat palatalari oʻrtasida qoʻshma ishbilarmonlar kengashini tashkil etish va joriy yil yozida Hukumatlararo komissiya yigʻilishi doirasida Toshkent shahrida uning birinchi yigʻilishini oʻtkazish masalalari ham kelishib olindi, deb xabar beradi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi matbuot xizmati.