Mirziyoyev Turkmanistonga ikki kunlik rasmiy tashrif uyushtirmoqda
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Prezident Serdar Berdimuhamedovning taklifiga binoan 20-21-oktabr kunlari rasmiy tashrif bilan Turkmanistonda bo‘ladi. Bu haqida, O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Matbuot xizmati ma’lum qildi.
Ushbu ma’lumotga ko‘ra, tashrif dasturiga muvofiq ikki tomonlama va mintaqaviy kun tartibidagi dolzarb masalalarni muhokama qilish uchun oliy darajadagi muzokaralar bo‘lib o‘tadi.
Qayd etilishicha asosiy e’tibor O‘zbekiston-Turkmaniston strategik sheriklik munosabatlarini yangi bosqichda yanada mustahkamlash, sanoat, energetika va kimyo tarmoqlarida, qishloq xo‘jaligi, transport va logistika sohalarida kooperatsiyani kengaytirish, faol madaniy-gumanitar almashinuvni davom ettirish masalalariga qaratiladi.
Sammit yakunida hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari bo‘yicha ikki tomonlama hujjatlarning salmoqli to‘plamini qabul qilish ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, tashrif davomida Ashxobod shahrida “Toshkent” bog‘ini ochish va Chegaraoldi savdo markazini qurish bo‘yicha loyihani birgalikda boshlab berish rejalashtirilgan.