Koronavirusga qarshi ikkinchi avlod vaksinasining xalqaro klinik sinovlariga start berildi
Joriy yilning 7-noyabr kuni bir vaqtning o’zida O’zbekiston va Xitoyda videokonferentsiya shaklida Omikron-Delta shtammiga (yangi koronavirus vaktsinasining ikkinchi avlodi) qarshi yangi rekombinant oqsilli vaktsinasining xalqaro klinik sinovini boshlash marosimi bo’lib o’tdi, Bu haqda O’zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish vazirligi xabar bermoqda.
Innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov, vazir o’rinbosari Shaxlo Turdiqulova, O’zbekistonning Xitoydagi elchisi Farxod Arziev, Virusologiya ITI direktori erkin Musabaev, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig’i o’rinbosari Botir Qurbonov, Ichki ishlar vazirligi tibbiyot birlashmasi boshlig’i Shuhrat Nishonov, akademik Gao Fu, Xitoy kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi direktori Cao Jinghua, Xalqaro al`yans kotibiyati ijrochi direktori «Bir makon, bir yo’l» (ANSO) ilmiy tashkilotlari va Anhui Zhifeilongcom Biopharmaceutical Co., Ltd ijrochi prezidenti Tao Lifeng xonim hamda boshqa mutasaddilar klinik sinovga rasman start berish marosimida ishtirok etdi.
– O’zbekiston yangi koronavirus vaktsinasining ikkinchi avlod vaktsinasi hamkorlikda yaralib, tadqiqotlar va klinik sinovlar o’tkazilayotganidan mamnunmiz, – dedi innovatsion rivojlanish vaziri Ibrohim Abdurahmonov. – O’zbekiston va Xitoy o’rtasidagi ikkinchi avlod vaktsinalari bo’yicha hamkorlik muvaffaqiyatli yakunlanib, O’zbekiston va barcha mamlakatlar uchun yangi imkoniyatlar ochishiga ishonamiz. Vaktsinamizning O’zbekistonda sinovlarini boshlash uchun etika qo’mitasining ruxsati olingan va bugun sizlar bilan tadqiqotlar va klinik sinovlarni boshlash arafasida turibmiz. Yana bir bor shuni ta’kidlamoqchimanki, mana shunday ilg’or texnologiyalarga asoslangan taqdiqotlarning O’zbekistonda amalga oshirilishi va xavf-xatarlarga tayyor turishi uchun imkoniyat yaratib berayotgani uchun Hukumatimiz, davlatimiz rahbari, shu bilan birgalikda xalqaro tashkilotlar, kompaniyalar, elchixonalarga va olimlarimizga o’z minnatdorchiligimizni bildiramiz. Kelajakda yangi avlod vaktsinalarni paydo bo’lishi nafaqat ilm-fandagi hamkorlik natijasi, balki kelgusidagi barcha hamkorliklarga zamin yaratdigan, deb o’ylaymiz.
Akademik Gao Fu Xitoy va O’zbekistonning ikki tomonlama sa’y-harakatlari bilan ZF2001 yoki ZF-UZ-VAC-2001 yangi koronavirusga qarshi vaktsinaning birinchi avlodi muvaffaqiyatli ishlab chiqilgani va butun dunyo bo’ylab 300 milliondan ortiq doza qo’llanilib, global epidemiyaga qarshi kurashga katta hissa qo’shilganini alohida ta’kidladi. Yangi koronavirus vaktsinasining ikkinchi avlodi Omicron-Delta ikki valentli protein subunit vaktsinasidir. Virus prototipiga asoslangan birinchi avlod vaktsinasi bilan solishtirganda, yangi vaktsina kengroq va kuchliroq immun reaktsiyasini keltirib chiqaradi, hozirda keng tarqalgan Omikron subvariantlarini qamrab oladi va Omikronning ko’tarilishi davrida yangi koronavirus pandemiyasini nazorat qilishga muhim hissa qo’shadi.
– «Bir makon – bir yo’l» tashabbusining muhim bo’limi sifatida ANSO ikkinchi avlod vaktsinasining xorijdagi klinik sinovlarini qo’llab-quvvatlash uchun barcha sa’y-harakatlarni amalga oshiradi, – dedi Xitoy kasalliklarni nazorat qilish va profilaktika markazi direktori Cao Jinghua. – Bu hamkorlik milliy imidjni yanada mustahkamlaydi, Xitoy va O’zbekiston o’rtasidagi do’stlik rishtalari va tibbiyot sohasidagi hamkorlikni rivojlantirishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, bu mamlakatning «Bir makon – bir yo’l» tashabbusi doirasidagi ishini ham faollashtirdi.
Dunyoda o’z hukmronligini surayotgan koronavirus kasalligi avj olganida xitoy-o’zbek vaktsinasi bizga qo’l kelgan edi, – dedi Ichki ishlar vazirligi tibbiyot birlashmasi boshlig’i, polkovnik Shuhrat Nishonov. – ZF-UZ-VAC2001 vaktsinasining bizning tarkibda qo’llanishi, avvaliga, yangilik bo’lgan edi. Shaxsiy tarkibimizda kasalliklar aniqlanishi vaktsina qo’llanilganidan so’ng keskin kamaygandi. Shu sababli ushbu vaktsinaga nisbatan ishonchimiz oshgandi. Hozirgi kunga qadar shaxsiy tarkibning deyarli 100 ming nafar xodimiga vaktsinatsiya qilingan. Va u hozirga qadar kasallikka nisbatan o’z samarasini ko’rsatib turibdi.
Ikkinchi avlod oqsil vaktsinasining antigenlari yangi koronavirusning Del`ta va Omikron mutatsiya shtammlari uchun mo’ljallangan bo’lib, ular hozirda keng tarqalgan yangi koronavirus Omikron mutatsiya shtammlaridan yaxshiroq himoya qilishi kutilmoqda. Omikron shtammining yangi mutatsiyasi butun dunyoda davom etayotgan bir paytda, COVID-19 pandemiyasiga qarshi Xitoy va O’zbekiston hukumatlari o’z hissasini qo’shgan holda samarali va uzoq muddatli himoya vaktsinasini yaratishga umid qilmoqda.
– Samarqandda o’tkazilgan Shanxay hamkorlik tashkilotining sammitida ikki davlat rahbarlaridan juda ham katta qo’llab-quvvatlash va kelajakda bu ishlarni yanada rivojlantirish yuzasidan topshiriqlar olganmiz, – dedi I.Abdurahmonov. – Ikki davlat rahbarlari bizning hamkorligimizga yuqori baho berishdi. Bu biz uchun katta mas’uliyatdir. Shu bilan birga hamkorlikni kengaytirish vazifasini oldimizga qo’ydi. Bizda juda katta jamoa shakllangan va bu loyiha muvaffaqqiyatli o’tishiga ishonamiz. Bunga barcha imkoniyatlarimiz va tajribamiz ham etadi. eng muhimi, bizning hamkorlarimiz hamda ikki davlatning siyosiy irodasi bizga kuch bag’ishlaydi. Barcha tadqiqotchilarni yangi avlod vaktsinasi bilan tabriklab, muvaffaqiyatlar tilayman.