Koronavirusga chalinganlarda yurak xastaliklari nega avj olishi maʼlum boʻldi
Kolumbiya universiteti (AQSH) tadqiqotchilari COVID-19 yurak hujayralarining kalsiy kanallarida oʻzgarishlarni yuzaga keltirib, ularni ishdan chiqarishi mumkinligini aniqladi.
Maʼlum boʻlishicha, koronavirusga chalingan bemorlarda infarkt va insultga chalinish koʻrsatkichi 55 foiz yuqori. Shuningdek, ularda boshqa yurak xastaliklari, xususan, aritmiya (yurak ritmi tartibi buzilishi) va miokardit (yurak mushaklari yalligʻlanishi) koʻproq kuzatilmoqda.
Shu sababli tadqiqotchilar COVID-19 ni yuqtirgan kishilarning yurak toʻqimalarini tahlil qilib, yalligʻlanish jarayoni kuchayishi, tromblar shakllanishi, hujayralar nobud boʻlishi va kalsiy miqdori oʻzgarishi kabi belgilarni kuzatdilar.
Yakunda bunga yurakdagi kalsiy ionlari darajasini nazorat qiluvchi RyR2 oqsili faoliyati buzilishi sabab boʻlgani xulosa qilindi. Negaki, tana va yurak mushaklarining qisqarishi uchun kalsiy ionlari zarur. Bu modda darajasi nazorati izdan chiqishi aritmiya yoki yurak yetishmovchiligiga olib kelishi mumkin.
Mutaxassislar mazkur tadqiqot koronavirusga chalingan bemorlarda kuzatiladigan yurak simptomlarini aniqlash va davolashda katta natija berishiga ishonch bildirishmoqda. Oʻz navbatida, kasallikka qarshi toʻliq bosqichda va buster dozada emlanish bunday ogʻir asoratlarning oldini olishi aytilyapti.